30 noyabr kuni Yevropa komissiyasi O‘zbekiston tomonidan «GSP+» Preferensiyalar bosh tizimi plyus benefitsiar — mamlakati maqomini olish uchun yuborilgan ariza bo‘yicha muddatidan oldin ijobiy qaror qabul qildi. Bu haqda Investitsiya va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Tegishli hujjat YeI Komissiyasi Raisi Ursula fon der Lyayen tomonidan imzolandi.

«Qaror Yevropa komissiyasi monitoring guruhlarining O‘zbekiston inson huquqlarini himoya qilish, mehnat standartlariga rioya qilish, atrof-muhitni muhofaza qilish va samarali boshqaruv sohasidagi 27 xalqaro konvensiya talablarini bajarayotgani to‘g‘risidagi hisobotlari asosida qabul qilindi», — deyiladi xabarda.

O‘tkazilgan tahlillarga asoslanib, Yevropa komissiyasi Respublikamiz «GSP+»da ishtirok etish mezonlariga muvofiq kelishi to‘g‘risidagi xulosaga keldi va uni ushbu tizimning benefitsiarlari ro‘yxatiga kiritishni taklif qildi.

Belgilangan tartib-qoidalarga muvofiq, mazkur qaror endi ko‘rib chiqish va tasdiqlash uchun Yevropa Kengashi va Yevropa parlamentiga havola etiladi. Qaror tasdiqlangandan so‘ng O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilari va eksportchilari o‘z mahsulotlarini Yevropa bozoriga eksport qilishda bir tomonlama tarif imtiyozlaridan foydalanishni boshlashlari mumkin bo‘ladi. Shunda, O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilari YeI mamlakatlariga eksport qilishlari mumkin bo‘lgan tovar pozitsiyalarining soni 6200gacha oshadi. Bu hozirga qaraganda ikki baravar ko‘proq.

Hozirda O‘zbekiston bazaviy GSP tizimidan foydalanmoqda. Unga ko‘ra, mamlakat YeIga 3000 ta tovar pozitsiyasini bojxona to‘lovlarisiz va 3200 ta tovar pozitsiyasini pasaytirilgan stavkalarda eksport qilishi. mumkin.