20 noyabr kuni O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida eTIR [raqamli TIR] jarayonidan foydalangan holda birinchi yuk tashish amaliyoti sinovdan o‘tkazildi. Bu haqda Xalqaro avtomobil transporti ittifoqi [IRU] сайтида xabar berildi.

Toshkentdan maishiy elektr jihozlari bo‘lgan yuk mashinalari Qozog‘iston chegarasini kesib o‘tdi, ikki mamlakat bojxona organlari esa tranzit kafolatlarini muvaffaqiyatli tuzishga erishishdi.

O‘zbekistonda eTIR jarayonini joriy etish Umumjahon avtotransport tashkiloti [IRU] boshchiligida Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati [GIZ], O‘zbekiston va Qozog‘iston bojxona organlari hamda xalqaro avtotransport assotsiatsiyalari AIRCUZ va KazATO yordamida amalga oshirildi.

«Avtomobil trasportida yuk tashishni soddalashtirish maqsadida raqamlashtirish, ayniqsa, dengizga chiqishga imkoni bo‘lmagan Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun juda muhimdir. Chunki u dengiz portlari va jahon bozorlariga chiqishni yaxshilash uchun quruqlik yo‘nalishlarini rivojlantirishga imkon beradi», — deyiladi IRU xabarida. eTIR sinov loyihalarida ishtirok etishga mintaqaning boshqa davlatlari ham qiziqish bildirdi.

eTIR jarayonining Markaziy Osiyo mamlakatlarida qo‘llanilishi davlat chegaralarini kesib o‘tish tartiblarini soddalashtiradi, transport vaqtlarini qisqartiradi, shuningdek tashuvchilar xarajatlarini kamaytiradi. Tizimning qog‘ozbozliklarsiz formati haydovchilar va bojxona xodimlarining yuzma-yuz aloqalarini kamaytiradi va COVID-19 tarqalishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishni ham osonlashtiradi.

eTIRdagi ko‘plab jarayonlarni mahalliy TIR uyushmasi idorasiga tashrif buyurmasdan, masofadan turib amalga oshirish mumkin.

Aprelda BMT bosh kotibi Antonio Gutterish eTIR jarayonini koronavirus pandemiyasi vaqtida va undan keyingi davrda savdoni qo‘llab-quvvatlash uchun juda muhim vosita deb atagan edi.