Turkiyada karantin choralari kuchaytirildi

Turkiya prezidenti Rejep Erdo‘g‘an koronavirus tarqalishiga qarshi qattiq cheklov choralarini e’lon qildi. 1 dekabrdan boshlab, dushanbadan jumagacha soat 21:00 dan ertalab soat 5:00 gacha mamlakat bo‘ylab komendantlik soati joriy etiladi. Shuningdek, dam olish kunlarida, ya’ni juma kuni soat 21:00 dan dushanba kuni ertalab soat 5:00 gacha ko‘chaga chiqish taqiqlanadi. Yangi chora-tadbirlarga ko‘ra, 20 yoshgacha bo‘lgan va 65 yoshdan katta yoshdagi kishilarga jamoat transportidan foydalanish taqiqlanadi. Restoranlarga faqat yetkazib berish uchun ishlashga ruxsat beriladi. Savdo markazlariga tashrif buyurish uchun maxsus yo‘llanma olish kerak bo‘ladi. — Interfaks.

Eron parlamenti uranni boyitish to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi

Eron parlamenti uranni boyitish darajasini oshirish to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi. Ta’kidlanishicha, qonun loyihasiga 290 deputatdan 248 nafari ovoz bergan. Hujjat kuchga kirishi uchun Eron konstitutsiyasining Xavfsizlik Kengashi tomonidan ma’qullanishi kerak. Qonun qabul qilinsa, Eron yiliga kamida 120 kg (20 foizgacha boyitilgan) uran ishlab chiqarishi kerak bo‘ladi. — TASS.

Rossiya va Turkiya Qorabog‘dagi Qo‘shma markaz to‘g‘risida bitimni imzolashdi

Turkiya mudofaa vaziri Xulusi Akar va Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu Qorabog‘da sulhga rioya etilishini kuzatuvchi qo‘shma turk-rus markazini tashkil etish to‘g‘risidagi bitimni imzolashdi. «Qo‘shma Turkiya-Rossiya markazini yaratish va ishlash tamoyillari bilan bog‘liq texnik tafsilotlar bo‘yicha muzokaralar yakunlandi, kelishuv imzolandi», — deyiladi bayonotda. Ushbu markaz Ozarbayjon hududida joylashadi. — Turkiya Mudofaa vazirligi.

Dunyoda ehtiyojmand aholi soni o‘tgan yilga nisbatan 40 foizga ko‘paydi

2021 yilda dunyo bo‘ylab muhtojlarga yordam berish uchun rekord darajadagi 35 milliard dollar miqdorida mablag‘ kerak bo‘ladi. Tadqiqotlarga ko‘ra, COVID-19 koronavirus pandemiyasi tufayli dunyoda 235 million odam har xil shakldagi yordamga muhtoj. Ta’kidlanishicha, ehtiyojmand aholi soni o‘tgan yilga nisbatan 40 foizga ko‘paygan. «Agar biz 2021 yilni katta ocharchiliksiz boshdan kechirsak, bu katta yutuq bo‘ladi», — dedi BMT Bosh kotibining gumanitar masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Mark Loukok. — Interfaks.