O‘zbekistonda joriy yilda 1 mln 34 ming gektar maydonda g‘o‘za parvarish qilinib, 3 mln 82 ming tonna yoki 2019 yilga nisbatan 109% paxta xomashyosi yetishtirildi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi.

Paxta yig‘im-terim rejasini to‘rtta viloyat to‘liq bajara olmadi, Farg‘ona natijasi esa eng ko‘pni tashkil etmoqda:

  • Farg‘ona 107,7%
  • Xorazmda 106,7%
  • Andijonda 106,6%
  • Namanganda 105,1%
  • Toshkentda 104,4%
  • Samarqandda 103,6%
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Navoiyda 102,7%
  • Jizzaxda 100,7%
  • Qashqadaryoda 95,8%
  • Sirdaryoda 93,5%
  • Buxoroda 89,1%
  • Surxondaryoda 82,3% paxta hosili terib olindi.

Paxta yetishtiruvchi 136 ta tumandan paxta yig‘im-terimini tizimli tashkil etgan 104 tasi, 97 ta paxta-to‘qimachilik klasteridan 78 tasi, 11 ta paxta kooperatsiyasidan 8 tasi hamda 29 ming ta fermer xo‘jaliklaridan 23 ming tasi shartnomani bajardi.

Respublikada har gektar paxta maydonida o‘rtacha hosildorlik 29,8 sentnerni tashkil qildi.

Joriy yilda faoliyat yuritgan 97 ta paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan 927 ming gektar maydondan 2 mln 794 tonna paxta xomashyosi yetishtirildi.