Energetika vaziri Alisher Sultonov matbuot anjumanida O‘zbekistondagi gaz va elektr ta’minotida yuzaga kelgan muammolarga izoh berar ekan, Markaziy Osiyo energiya tuzilmasi yordamida qo‘shni davlatlar o‘rtasida bir maromda energiya oqimi ta’minlanayotganini aytdi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar berdi.

«Birinchidan, O‘zbekiston Markaziy Osiyoning energiya tuzilmasiga kiradigan davlatlardan biri. Ikkinchidan, uni boshqaruv markazi ham Toshkentda joylashgan. Elektr energiyasi oqimi [peretok]siz bo‘lmagan, bo‘lmaydi ham. Chunki har bitta davlat o‘zining stansiyalariga ega. Aytaylik, qayerdadir mavsumiy ishlaydigan, masalan, gidro stansiyalar, yozda rejimi boshqacha, qishda ishlashi boshqacha bo‘ladi. Ko‘p quvvatli stansiyalarni bir maromda ishlashini ta’minlashimiz kerak. Aynan biz gapirgan „pik“ vaqtlarda, bu kechqurun yoki kunduzi bo‘ladimi, o‘shanda energiya oqimlari bir-birini balans qiladi, bir davlatdan boshqa davlatga o‘tadi. Biz ushbu tizimdan 30 yil davomida ajralamiz, deb ko‘p narsalarni yo‘qotganmiz», — dedi vazir Alisher Sultonov.

Vazir, shuningdek, O‘zbekistonda energiya oqimi ta’minlanmagani yirik stansiyalarning muddatidan oldinroq eskirishiga sabab bo‘lganini ma’lum qildi.

«Biz shu instrumentni [energiya oqimi tizimini — tahr.] ishlatmaganimiz katta stansiyalarimizning tezroq eskirishiga yoki hayotini qisqartirishiga olib kelgan. Chunki, chunki katta quvvatli bloklar bilan shu «pik"larni regilirovka qilishga majbur bo‘lganmiz. Hozir davlat rahbari olib borayotgan siyosatlari bilan qo‘shnilar bilan munosabatimiz keskin o‘zgargan. Hozir energetika sohasida Markaziy Osiyo davlatlari bilan dispetcher aloqalari sutkalab emas, soatbay gaplashib turamiz. O‘shaning uchun gazdan ham, energiyadan ham to‘liq oqimlar [peretok] bor», — deya ta’kidladi vazir.

Sultonovning ta’kidlashicha, hozirgi kunda bir kecha-kunduzda elektr bo‘yicha 23 mln kVt/soat, gaz bo‘yicha esa 15−16 mln kub energiya oqimi [peretok] sodir bo‘ladi.

Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xodjayev esa energiya bo‘yicha import va eksport hajmiga to‘xtalib o‘tdi.

«2020 yilda elektr energiyasi bo‘yicha import hajmi taxminan 5,5 mlrd kVt/coat, eksport hajmi 2,6 mlrd kVt/soatni tashkil etadi. Bu hajm nuqtai nazaridan. Lekin qiymat nuqtai nazaridan qarasak, eksport va import o‘rtasida farq bo‘lmaydi», — dedi Xodjayev.

Vazir Alisher Sultonov bunga qadar, Sputniknews-uz`ga bergan интервьюсида Toshkentda Markaziy Osiyoda gaz taqsimlovchi yagona muvofiqlashtiruvchi markazni tashkil etish bo‘yicha fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashgandi. Vazir avvalroq, mazkur taklifini MOMIH (SARES) forumida ham bayon qilgan.

O‘shanda Sultonov: «Bizning tashabbusimizni hamkasblarimiz ijobiy qabul qilishdi. Hozirdan ushbu masalani qozog‘istonlik hamkasblar bilan muhokama qilishni boshladik. Xususan, birgalikda tashqi bozorlarga chiqishni rejalashtirayapmiz, masalan, afg‘on bozoriga», — degan edi. Qolaversa, Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonda gazni taqsimlovchi markaz tashkil etilishi bo‘yicha loyihaga mablag‘ ajratishga ham tayyor ekanini aytgan edi.

Eslatib o‘tamiz, «Gazeta.uz» energetika vaziri Alisher Sultonov mamlakatdagi gaz va elektr ta’minotidagi uzilishlar ortidan jamoasi bilan iste’foga chiqish yoki chiqmaslik masalasidagi savolga javob bergani haqida xabar qilgan edi. Bundan tashqari, O‘zbekiston hech qachon «Lukoyl»dan qarz bo‘lmaganи, qarzdor «O‘zbekneftegaz» bo‘lganini ta’kidlagan edi. Uning o‘rinbosari Behzot Normatov esa qarzning bir qismi baribir davlat byudjetiga qaytarilishini ma’lum qilgandi.