Sog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Xojiboyev Rossiya bilan «Sputnik V» vaksinasi bo‘yicha olib borilayotgan muzokaralar to‘g‘risida gapirdi. Bu haqda Sputnik Uzbekistan xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, O‘zbekiston Rossiyani to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya jamg‘armasiga respublikani bir necha yuz dozada vaksina bilan ta’minlash taklifi bilan murojaat qildi.

Muzokaralar muvaffaqiyatli o‘tsa, 2021 yil boshida O‘zbekistonda klinik sinovlarning uchinchi bosqichi boshlanishi mumkin, dedi vazir.

Shuningdek, u Rossiya vaksinasining samaradorligini ta’kidlab, ko‘p mamlakatlar allaqachon ushbu preparatni sotib olish va sinovlarini boshlash uchun arizalar yuborganini aytdi.

«Sputnik V» uchinchi bosqich klinik sinovlari Belorusiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Venesuela va boshqa qator mamlakatlarda tasdiklanib, o‘tkazilmoqda. 50 dan ortiq mamlakatlardan 1,2 milliarddan ko‘p dozadagi preparatni sotib olish uchun takliflar kelgan.

Tashqi bozorlarga yetkazib berish uchun vaksina Rossiya To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya jamg‘armasining Hindiston, Braziliya, Xitoy, Janubiy Koreya va boshqa mamlakatlardagi xalqaro hamkorlari tomonidan ishlab chiqariladi. deyiladi xabarda.