Shu yilning 24-iyul kuni soat 23:00 larda Marhamat tumanida yashovchi fuqaro N.M. (1999 y.t.), sevgan yigitini kutib turgan voyaga yetmagan qizni uyali telefoniga rasmga olib, ushbu fotosuratlarni uning ota-onasi va profilaktika inspektoriga ko‘rsatishini aytgan.

Bu ma’lumotlar oshkor bo‘lishidan qo‘rqqan qiz o‘zini osib, joniga qasd qilgan. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 141−1-модdaси [Shaxsiy hayot daxlsizligini buzish] bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bosh prokuratura ma’lum qilishicha, 30-noyabr kuni marhumaning onasi olib borilayotgan tergov harakatlaridan norozi bo‘lib, Andijon viloyat prokuraturasiga boradi. Uning fikricha, qabul jarayonida tergovchi tomonidan ularning talablari bajarilmagani, qizining vafotida aybdor bo‘lgan N.M.dan tovon sifatida “Spark” avtomashinasi undirilmagani va bundan norozi ekanini bildiradi.

“Viloyat prokurorining birinchi o‘rinbosari F.Raxmanov qabul jarayonida jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari davom etayotganini ma’lum qilgan. Shuningdek, “Spark"ni undirish tergov organlarining vakolatiga kirmasligi, tergov yakuni bo‘yicha barcha aybdor shaxslarga nisbatan qonuniy choralar ko‘rilishini tushuntiradi. Javobdan qoniqmagan fuqaro S.B. avtomashina undirilmagan taqdirda o‘ziga o‘t yoqib, joniga qasd qilishini aytib, viloyat prokuraturasini tark etgan”, — deyiladi bosh prokuratura xabarida.

Vaziyat keskinlashishi oqibatida Andijon viloyat IIB post-patrul xizmati xodimlari viloyat prokuraturasiga chaqirtirilgan.

Shundan so‘ng, shu kunning o‘zidayoq, tahminan 13:20 da marhumaning onasi viloyat prokuraturasi avtomashinalar turargoxida baqirib, boshqa shaxslarni o‘ziga jalb qila boshlagan. Turmush o‘rtog‘idan bir litrli idishda benzin hamda gugurtni olib, o‘zining yelkasiga quygan. Turmush o‘rtog‘i o‘zini yoqishi va viloyat prokuraturasi binosi ichiga yugurib kirib ketishi haqida ko‘rsatma bergach, ayol o‘ziga o‘t qo‘yib yoqib yuborgan.

Bu payt voqealar rivojini kuzatib turgan post-patrul xizmati xodimlari uning egnida yonayotgan kiyimlari yechib olib, yordam ko‘rsatishgan. Ma’lum bo‘lishicha, ayni vaqtda ayolning yuzi, qo‘llari, bo‘yin va ko‘krak qafasi sohalari jami tanasining 15 foiz qismi kuyish tashxisi bilan shifoxonaga joylashtirildi.

Mazkur holat bo‘yicha Andijon shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.