2021 yil 1 martdan ikki qavatdan yuqori (sokolsiz) inshootlarni qurish hamda rekonstruksiya qilish ob’ektning loyiha hujjatlari majburiy ekspertizadan o‘tkazilgan holda amalga oshiriladi. Qurilish tarmog‘ini modernizatsiya qilish, jadal va innovatsion rivojlantirishning 2021−2025 yillarga mo‘ljallangan strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risidagi prezident farmonida bu haqda so‘z boradi.

Farmonda quyidagilar nazarda tutilgan:

-2025 yil oxiriga borib «Biznes yuritish» xalqaro indeksida (Doing Business Index) «qurilishga ruxsatnomalar olish» (Dealing with Construction Permits) yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekistonning pozitsiyasini joriy 61,7 balldan 78,2 ballgacha yaxshilash;

-2025 yilga borib shaharlarning barchasini va shahar posyolkalarining 25 foizini bosh rejalar bilan qamrab olishga erishish;

-2025 yilga borib «Shaffof qurilish» milliy axborot tizimi doirasida qo‘shimcha to‘rtta elektron platforma yaratish.

Farmonga ko‘ra, 2021 yil 1 yanvardan:
● aholi punktlarining bosh rejalari jamoat muhokamasi natijalarini hisobga olgan holda tasdiqlanadi;
● aholi punktlari bosh rejalarining jamoat ekspertizasini amalga oshirish mexanizmi joriy etiladi;
● aholi punktining taklif etilgan bosh rejasidan norozi bo‘lgan jamoat nazorati sub’ektlarining tashabbusiga ko‘ra aholi punktining muqobil bosh rejasini ishlab chiqish yoki unga o‘zgartirish (tuzatish) kiritish mexanizmi joriy etiladi;
● aholi punktlari bosh rejalarining jamoat muhokamasini tashkil etish mahalliy davlat hokimiyati organlari zimmasiga yuklanadi.

2021 yil 1 martdan ikki qavatdan yuqori (sokolni hisobga olmagan holda), balandligi yer yuzidan 12 metrdan va (yoki) umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan bino va inshootlarni qurish hamda rekonstruksiya qilish ob’ektning loyiha hujjatlari majburiy ekspertizadan o‘tkazilgan hamda Qurilish vazirligi qoshidagi qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyalari tomonidan davlat qurilish nazorati o‘rnatilgan holda amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, 2021 yil 1 sentyabrgacha fuqarolarga qurilayotgan ob’ektlar to‘g‘risida mustaqil ravishda axborot olish, noqonuniy qurilishlarni aniqlash, ob’ektlarida aniqlangan qoidabuzarliklarni qayd etish va ularni qurilish sohasidagi nazorat bo‘yicha vakolatli organlarga yuborish imkonini beruvchi «Ogoh fuqaro» elektron tizimi yaratiladi.