Energetika vaziri Alisher Sultonov Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida O‘zbekiston energetika tizimi ham ma’nan, ham jismonan eskirdi, neft-gaz va elektr energiya sohasiga so‘nggi 30 yil ichida hech nima kiritishmadi, deya ta’kidladi.

Sovuq havo tushishi bilan elektr energiyasini yetkazib berishda uzilishlar boshlandi va nima uchun so‘nggi to‘rt yil ichida tizim tartibga solinmadi, deya berilgan savolga vazir bu oddiy amaliyot ekani va «bunday paytlarda vahimaga tushmaslik muhim», deya qo‘shimcha qildi.

«Bularning barchasining o‘z vaqtida oldini olish va tizimni qanday yo‘lga qo‘yish, normallashtirishni tushunish muhimdir. Tartibga solish va qayta ishga tushirish. Men avariyaviy vaziyatlar [yuzaga kelishini] normal holat demoqchi emasman. Tabiiyki, biz nimaga sodir bo‘lgani, kim bunda aybdorligi bilan shug‘ullanamiz. Albatta, kimdir aybdor bo‘ladi. Mo‘jizalar bo‘lmaydi», — dedi Alisher Sultonov.

Vazir shu o‘rinda 21 noyabr holatiga [suratga olish jarayonida] «barcha rejimlar to‘g‘rilangan, butun tizim barqarorlashtirilganini ta’kidladi.

«Buni to‘rt yil ichida amalga oshirish mumkin edimi? Men o‘ylaymanki, yo‘q. Bitta stansiya uch yil quriladi. Yana bir marta takrorlayman, nafaqat neftgaz sohasiga, balki elektr energiya sohasiga ham so‘nggi 30 yil ichida hech nima [sarmoya] kiritishmagan», — deya ta’kiladi energetika vazir.

Uning qayd etishicha, sohaning hozirgi holati, bu — sobiq ittifoq merosi hamda O‘zbekistonning so‘nggi 30 yil ichida harakatsizligi oqibati. «Harakatsizlik — majburlikdan, ya’ni, bunga sarmoya ajratilmagan. Hech narsa o‘z-o‘zidan qilinmaydi, barchasiga pul kerak, lekin, tabiiyki, u nimaga sarflanayotganini ham ko‘rish lozim», — deya qayd etdi Sultonov.

Vazirga ko‘ra, eskirgan tizimlarga qaramay quvvatlar ishlamoqda, rekonstruksiya va modernizatsiya ishlari olib borilmoqda, energetika sohasi strategiyasi esa ishlab chiqarish ob’ektlariga xususiy kapitalni jalb qilishga qaratilgan.

«Bu ham revolyutsion qaror bo‘lgan. Bu soha xususiy pullar bilan kirib bo‘lmaydigan „muqaddas sigir“ kabi edi. Bugun esa O‘zbekistonda ulkan xususiy elektrostansiya qurish boshlanmoqda. Saudiya Arabistonining Aqua Power kompaniyasi allaqachon qurilish maydonida ishlarni boshlamoqda. Yaqin kunlar ichida poydevorning birinchi toshini qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tadi. Ushbu stansiyaning quvvati 1,5 GVtga teng. Zamonaviy bloklar — Yaponiya Mitsubishi`siniki. U Sirdaryoda quriladi», — deya ma’lum qildi energetika vaziri.

Intervyuda energetika sohasidagi muammolar haqidagi salbiy qarashlar keltirib chiqaradigan bosimni qanday yengib o‘tish to‘g‘risida savol berildi. Vazir ushbu savolga hazilomus javob qaytardi.

«Juda ham yahshi hazil gap bor. Sen ichasanmi? — Yo‘q. Chekasanmi? — Yo‘q. Yurasanmi? [Gulyayesh] — Yo‘q. Unda qanday qilib dam olasan, desa, u men ruhan zo‘riqmayman, deya javob bergan ekan [jilmayib qo‘ydi]. Aslida esa bizni ham ruhiy zo‘riqishimizga to‘g‘ri keladi, lekin har doimgidek. Men o‘ylaymanki, hozir dunyo shunaqa, biz barchamiz stressga moyil bo‘lib borayapmiz», — dedi vazir.