Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Qashqadaryo, Surxondaryo va Xorazm viloyat hokimliklari tomonidan hududlardagi IIBlarga paxta chigitining boshqa viloyatlarga olib chiqilishini taqiqlash bo‘yicha og‘zaki topshiriq berilgani o‘rganib chiqildi.

Qo‘mita matbuot xizmatining qayd etishicha, birja savdolarida respublikaning barcha hududlaridagi ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan ushbu chigit mahsulotini sotib olishlari mumkinligi qonunchilik bilan belgilangan bo‘lsada hokimliklar chigitni faqatgina ushbu hududdagi ishlab chiqaruvchilar tomonidan sotib olinishi va ushbu hududdan olib chiqib ketmasdan ishlatishi bo‘yicha ko‘rsatma berilmoqda.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan barcha viloyatlar hokimliklariga hamda Ichki ishlar vazirligi va vazirlikning viloyat boshqarmalariga bunday harakatlarni sodir etilishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish yuzasidan murojaat qilindi.

Shuningdek, bugungi kunda qo‘mita tomonidan yuqorida tilga olingan viloyatlar hokimliklari hamda Ichki ishlar boshqarmalariga nisbatan tegishli ish qo‘zg‘atdi, deyiladi xabarda.

Avvalroq «Gazeta.uz» o‘zining Telegram-kanalida viloyatlardagi hokimiyatlardan biridagi axborot manbasiga tayanib bergan xabarida mazkur holat tadbirkorlik sub’ektlariga jiddiy zarar keltirayotgani, urug‘lik chigit klasterlari esa to‘lovni vaqtida o‘tkaza olmayotganini ma’lum qilgan edi.