O‘zbekiston Jinoyat kodeksi 202−1-modda bilan to‘ldirilishi mumkin. Bosh prokuratura mazkur modda orqali hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lganlarni jinoiy javobgarlikka tortishni taklif etmoqda. Bu haqdagi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.

Ushbu moddaga binoan, hayvonga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish, uni qiynash uning o‘limiga yoxud mayib bo‘lishiga olib kelsa BHMning 25 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda jarima yoki 240 soatgacha jamoat ishlari yoxud 1 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 6 oygacha ozodlikni cheklash yoki 6 oygacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Bundan tashqari, o‘sha qilmishlar bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib yoki ijtimoiy tarmoqlardan foydalanib tarqatgan holda sodir etilgan bo‘lsa, ikki yoki undan ortiq hayvonlarga nisbatan yoki voyaga yetmagan shaxs hozirligida sodir etilgan bo‘lsa yoxud qizil kitobga kiritilgan hayvonlarga nisbatan sodir etilgan bo‘lsa, BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki 360 soatgacha jamoat ishlari yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Ma’lumot uchun, bugungi kunda O‘zbekistonda hayvonlarga shafqatsiz munosabatda bo‘lganlarga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 111-moddasiga muvofiq chora ko‘riladi. Unga ko‘ra, hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish ularning o‘limiga yoxud mayib bo‘lishiga olib kelsa, xuddi shuningdek hayvonlarni qiynash — EKIHning 1 barvaridan 3 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

2019 yilda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videodagi otilgan it egasi va uni o‘ldirgan shaxs EKIHning 2 baravari, jarayonni videoga olgan shaxs esa EKIHning 50 baravari miqdorida jarimaga tortilgan edi.