23 noyabrda Yadro tadqiqotlari birlashgan institutiga a’zo davlatlar Muxtor vakillar qo‘mitasining yillik sessiyasi yig‘ilishida O‘zbekistonning to‘laqonli a’zoligini tiklash masalasi ko‘rib chiqildi va 2021 yil 1 yanvardan institut tarkibiga tiklash qarori qabul qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

O‘zbekistonning YATBIga to‘laqonli a’zoligi mahalliy mutaxassislarni yirik xalqaro loyihalarda ishtirok etishini hamda yadro texnologiyalari, yadroviy tibbiyot, axborot texnologiyalari va materialshunoslik yo‘nalishlarida yuqori malakali kadrlar tayyorlashda keng imkoniyatlar yaratadi, deyiladi xabarda.

Hozirda Yadro tadqiqotlari birlashgan institutiga Ozarbayjon, Armaniston, Belorusiya, Bolgariya, Vetnam, Gruziya, Qozog‘iston, KXDR, Kuba, Moldova, Mo‘g‘uliston, Polsha, Rossiya, Ruminiya, Slovakiya, Ukraina, Chexiya davlatlari a’zo.