Bosh prokuratura UzAuto Motors`dan Lacetti, Equinox va Trailblazer sotib olgani haqidagi xabarlar yuzasidan bayonot berdi. Avvalroq Zafarbek Solijonov telegram kanali Davlat xaridlari portali ma’lumotlariga tayanib bu haqda xabar qilgan edi.

Bayonotda qayd etilishicha, O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasi tufayli xarajatlar cheklovlari kiritilishiga qadar Bosh prokuratura tomonidan Lacetti va Equinox avtomashinalari sotib olingan. Ammo Trailblazer xarid qilinmagan.

Bosh prokuratura ushbu avtomobillar qanday maqsadda sotib olingani va moliyalashtirish manbalarini ham oshkor qildi.

«Equinox avtomashinasi Moliya vazirligining roziligi bilan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi sohasida qonun xujjatlari ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirishga mas’ul bo‘lgan bosh prokuror o‘rinbosari xizmatda foydalanishi uchun xarid qilingan», deyiladi xabarda.

Ushbu xizmat avtomashinalari byudjetdan tashqari jamg‘arma hisobidan xarid qilingan.