O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Farg‘ona viloyatidan Rossiyaga pomidor va qalampir importiga taqiq qo‘yilgani haqidagi xabarga izoh berdi.

Qayd etilishicha, ushbu taqiqqa sabab bo‘lgan ToBRFV o‘simliklar virusining yangi shtammi O‘zbekiston hududida ilgari aniqlanmagan. YeOII mamlakatlarida ham ushbu virusga nisbatan taqiq mavjud emas — Yevrosiyo Iqtisodiy komissiyasi Kengashining 2016 yil 30 noyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan karantin ob’ektlarining yagona ro‘yxatiga ToBRFV kiritilmagan.

Hozirgi vaqtda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi va O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi bilan birgalikda Rosselxoznadzor bilan mazkur masala bo‘yicha maslahatlashuvlar o‘tkazilayotganligi haqida ma’lum qilindi.

Xabarga ko‘ra, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi tashabbusi bilan O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarda shu kabi viruslar paydo bo‘lishining oldini olish bo‘yicha tezkor ravishda chora-tadbirlar Kompleksi ishlab chiqilmoqda.

Taqiqlarni yaqin vaqtlarda bekor qilish bo‘yicha choralar ko‘rilayotganligi haqida ma’lum qilindi.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya veterinariya va fitosanitariya nazorati bo‘yicha federal xizmati tomonidan 26 noyabr kuni Farg‘ona viloyatida yetishtiriladigan sabzavotlarga taqiqlar kiritilgan edi.