Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov o‘zining telegram kanalida maktablardagi ijobiy o‘zgarishlar, OTMlarga kirish bo‘yicha tahliliy ma’lumotlarni e’lon qildi.

«1,5 mln abituriyentning atigi 23 foizi bu yilgi maktab bitiruvchilari bo‘lgan bo‘lsa, ular davlat granti kvotasining 50 foizini egalladi. Qolgan 77 foiz abituriyentni tashkil etgan litsey, kollej bitiruvchilari yoki avvalgi yilgi bitiruvchilar ham OTMga harakat qilgan, repetitorga borgan, lekin ularning umumiy natijasi maktab bitiruvchilarinikidan anchagina orqada bo‘ldi», — dedi Sherzod Shermatov.

Aytilishicha, oliy ta’limga bironta ham o‘quvchisi kirmagan maktablar soni 3 barobarga kamaygan. Bunday maktablar soni o‘tgan yili 2126 tani tashkil etgan bo‘lsa, bu yili 692 taga tushgan.

Foto: Sherzod Shermatov telegram kanali.

«Endi buyog‘iga direktorlarimiz va maktab jamoasi faqat natijaga harakat qilishi kerak. Natija, bu — bitiruvchilarning hayotda muvaffaqiyatga erishishi. Ularning bir qismi o‘qishni keyingi bosqichiga o‘tsa, keyingi qismi o‘z ishini topib ketishidir. O‘qishga ham kirolmasa, ish ham topa olmasa, keyinchalik yoshlarimiz hayotda qiynalib qolishadi. Shu sababli maktab davridagi vaqtini aynan shu natijaga yo‘naltirishi, shu jumladan, ota-onalar bilan hamkorlikni kuchaytirishi kerak», — deya ta’kidlagan vazir.

Vazir bir oy davomida Xorazm, Navoiy, Sirdaryo va Qashqadaryo viloyatlariga tashrif buyurgani, yaxshi ko‘rsatkichga ega va umuman natija ko‘rsatmagan maktablarni solishtirganini qayd etgan.

Solishtirishlarda, aksariyat yomon ko‘rsatkichga ega maktablarning moddiy-texnik holati yaxshi ko‘rsatkichga ega bo‘lgan maktabnikidan ancha yaxshi bo‘lib chiqqan. «Eskichasiga faqat maktabning tashqi ko‘rinishiga qarab direktorga baho berilganida, aksincha bular yaxshi bo‘lib chiqardi va yaxshi natija ko‘rsatgan direktorga esa maktabining ko‘rinishi yaxshi bo‘lmaganiga chora ko‘rilishi mumkin edi…», — deya qayd etgan xalq ta’limi vaziri.

Xalq ta’limi vaziri o‘z xabarida fidoyi pedagoglarga minnatdorchilik bildirish bilan birga, ishini eplay olmayotganlarga boshqa ish topishni maslahat bergan.

«Shuning uchun, o‘z ishiga fidoiy bo‘lgan pedagoglarimizga ushbu o‘zgarishlarga sabab bo‘lganlari uchun minnatdorchilik bildiramiz va kelgusi faoliyatlariga muvaffaqiyatlar tilaymiz! Aksincha, bu sohaga adashib kelib, avvalgidek paxta va boshqa ortiqcha ishlar bilan o‘ralashib yurishga o‘rganib qolganlarga boshqa ish topishlarini tavsiya qilamiz», -degan Sherzod Shermatov.