Adliya vaziri Ruslanbek Davletov Facebook dagi «Xalq bilan muloqot/dialog s narodom» guruhida onlayn muloqot o‘tkazdi. Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limining xabar berishicha, ilk bora tashkil etilgan ushbu muloqotga fuqarolardan 1500 ga yaqin savol kelib tushgan.

Onlayn muloqotda adliya vaziri ishonchnoma orqali avtomobil boshqarish kabi muammolar to‘g‘risida gapirib o‘tdi.

«Avtomashinalarni boshqarishda ishonchnoma masalasi doimo dolzarb bo‘lib kelgan. Prezidentimiz qaroriga asosan yaqin qarindoshlar bo‘ladigan bo‘lsa, ishonchnoma zarur emas degan norma kiritildi, ya’ni yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi munosabatlardan kelib chiqib shu yangilik joriy etildi. Bu yaxshi qadam, yengillik. Ko‘p vazirliklar bunga qarshi bo‘ldi, biroq hukumatimiz qo‘llab-quvvatladi va Prezidentimiz qarorni imzoladilar. Kerak bo‘lsa, bu jarayonni soddalashtirishni yana davom ettirishimiz lozim. Chunki mashinani boshqarish asosan sug‘urta asosida tartibga solinsa ham yetarli bo‘ladi. Ishonchnoma kabi hujjatlar, o‘ylaymizki, kelajakda tarixga aylanadi», — dedi adliya vaziri Ruslanbek Davletov onlayn muloqotda.

Shuningdek, onlayn muloqot davomida foydalanuvchilardan biri adliya vaziridan «avvalgi tuman hokimining yer ajratish haqidagi qarorini yangisi bekor qilishi mumkinmi?» deb savol berdi.

«Yer maydonlari fuqarolarga faqat auksion orqali berilishi mumkin, — dedi adliya vaziri. — Yer ajratilganligi haqidagi hokim qarorini bekor qilish uchun yetarlicha qonuniy asos mavjud bo‘lganida, faqat sud orqali bu qaror bekor qilinishi mumkin».