Joriy yilning boshida biz tashabbuskor nodavlat notijorat tashkilotlarini (NNT) ro‘yxatdan o‘tkazishda sun’iy to‘siqlar va qarshiliklar to‘g‘risida maqola nashr etgandik. Bunga javoban Adliya vazirligi ro‘yxatdan o‘tishda muammolarga duch kelayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari nomlarini aniqlashtirishni so‘radi. Biz tashabbuskor guruhlarning aniq ikkita misolini taqdim etdik — «Oltin qanot» yosh volontyorlar markazi va «Inklyuziv hayot» nogironlar jamoat birlashmasi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning tashabbuskor guruhi 12 marta rad javobini olganidan so‘ng «Inklyuziv hayot» NNT 28 sentyabr kuni Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazildi. Biroq, «Oltin qanot» yosh volontyorlar markazini tashkil etishga harakat qilayotgan bir guruh yosh faollar 2018 yil oktyabr oyidan buyon Toshkent shahar Adliya boshqarmasidan o‘n sakkiz marta rad javob xatini oldi. Quyida rad javoblarining yangilangan xronologiyasi hamda ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tomonidan ko‘rsatilgan sabablar keltirilgan.

Rad javobining raqami

Rad qilingan javob xatining sanasi va raqami

NNTni ro‘yxatdan o‘tkazishda rad qilinishining sabablari

1

2018 yil,
22 noyabr, №5−3007

Belgilangan miqdorda davlat boji to‘langanligini tasdiqlovchi bank to‘lov hujjati tashkilotni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi taqdim etilgan arizaga ilova qilinmagan, shuningdek, Ustav hujjatga tikilmagan.

2

2018 yil,
27 dekabr, №5−3391/6

NNTni tashkil etish to‘g‘risidagi umumiy yig‘ilish bayonnomasi NNTni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi arizaga (jamoat birlashmasi uchun ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga umumiy yig‘ilish o‘tkazilgan kundan boshlab bir oy ichida taqdim etiladi) va Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 10 martdagi 57-sonli qarorining 13-bandida ko‘rsatilgan ba’zi hujjatlarga ilova qilinmagan.

3

2019 yil,
15 fevral, №5−6/878

Tashabbuskor fuqarolar ro‘yxatidagi imzolar va ma’lumotlar yashash, ishlash yoki o‘qish joyida tasdiqlanmagan va nodavlat notijorat tashkilotni tashkil etish bo‘yicha umumiy yig‘ilish u o‘tkazilgan kundan boshlab 1 oylik muddatni buzgan holda o‘tkazilgan. Nizomda «Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida"gi Qonunning 17-moddasiga muvofiq mablag‘larni shakllantirish manbalari, NNT va uning tarkibiy bo‘linmalarining mulkni boshqarish huquqlari ko‘rsatilmagan.

4

2019 yil,
9 aprel,
№5−4/68

Arizada tashkilotning boshqaruv organining nomi ko‘rsatilmagan. Ustavning 1.5-bandida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tgan jamoat birlashmasining davlat tilida to‘liq rasmiy nomi yozilgan dumaloq muhri, shtampi, firma blankalari va o‘z ramzi bo‘lishi mumkinligi belgilangan. Biroq, ushbu band nodavlat notijorat tashkilotlarining ramzlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 5-bandi 2-qismiga zid.

5

2019 yil,
24 may,
№5−4/94

Ustavning 5.8-bandida 4.4-bandga asosan a’zolikdan chiqarilishi ko‘rsatilgan bo‘lsada, ushbu ustavda 4.4-bandi mavjud emas. NNT ustavining 6-bobida «Birlashmaning pul mablag‘lari va boshqa mol-mulkni shakllantirish manbalari» belgilangan, ammo tarkibiy bo‘linmalar mulkini boshqarish huquqlari ko‘rsatilmagan.

6

2019 yil,
3 iyul,
№5−4/111

Ustavning 5.8-bandida 4.2-bandga asosan a’zolikdan chiqarilish ko‘rsatilgan. Biroq 4.2-bandda a’zolikdan mahrum bo‘lish shartlari va tartibi ko‘rsatilmagan.

7

2019 yil,
9 avgust,
№5−4/127

NNT ustavining 5.8-bandida ustavning 5.7-bandiga asosan a’zolikdan chiqarilishi ko‘rsatilgan. Biroq, 5.7-bandida a’zolikdan mahrum bo‘lish shartlari va tartibi ko‘rsatilmagan.

8

2019 yil,
16 sentyabr,
№5−4/152

«Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida"gi Qonunning 17-moddasiga binoan NNT Ustavida a’zolikni yo‘qotish shartlari ko‘rsatilmagan.

9

2019 yil,
21 noyabr,
№ 5−4/170

NNT Ustavining 3.3.1-bandiga binoan, kamida 5 kishidan iborat Kengash a’zolari umumiy yig‘ilish a’zolarining ko‘pchilik ovozi bilan 5 yil muddatga saylanadi. Kengash raisi bir vaqtning o‘zida Assotsiatsiya raisi hisoblanmasligi belgilangan. Ammo, 3.3.2-bandga binoan, Kengash qarorlari qabul qilinishida ovozlar teng kelganda, Assotsiatsiya raisi hal qiluvchi ovozga ega ekanligi belgilangan, demak, ushbu bandlar o‘zaro bir-biriga zidligini anglatadi.

10

2019 yil,
28 dekabr,
№5−4/187

NNT Ustavining 3.3.1-bandiga binoan, kamida 5 kishidan iborat Kengash a’zolari umumiy yig‘ilish a’zolarining ko‘pchilik ovozi bilan 5 yil muddatga saylanadi. Kengash raisi bir vaqtning o‘zida Assotsiatsiya raisi hisoblanmasligi belgilangan. Biroq, Kengash raisini saylash tartibi ko‘rsatilmagan.

11

2020 yil,
10 fevral,
№5−4/5

«Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida» gi qonunning 15, 22, 17-moddalariga ko‘ra, nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun tegishli hujjatlar, shu jumladan ta’sis konferensiyasi (s’ezdi) yoki umumiy yig‘ilishining bayonnomasi yoki ta’sischining qarori (boshqaruv organlari va boshqa organlarning tuzilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham ko‘rsatilgan) va hajmi boshqaruv organlarining vakolatlari va ularni shakllantirish tartibi, ularning vakolat muddati. Biroq, ta’sischilar umumiy yig‘ilishining bayonnomasida tashkilotning boshqaruv organlari tuzilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar mavjud emas.

12

2020 yil,
4 mart,
№5−4/12

Joriy yilning 10 fevraldagi 5−4/5-sonli javob xatida ko‘rsatilgan kamchiliklar bartaraf etilmaganligi sababli, ro‘yxatdan o‘tkazishda rad etildi.

13

2020 yil,
16 mart,
№5−4/15

5−4/12-sonli javob xatida ko‘rsatilgan kamchiliklar bartaraf etilmaganligi sababli, ro‘yxatdan o‘tkazishda rad etildi.

14

2020 yil,
30 aprel,
№5−4/33

Joriy yilning 16 martdagi 5−4/15-sonli javob xatida ko‘rsatilgan kamchiliklar bartaraf etilmaganligi sababli, ro‘yxatdan o‘tkazishda rad etildi.

15

2020 yil,
30 aprel,
№5−4/33, №5−4/52

Joriy yil 10 fevraldagi 5−4/12, 4 martdagi 5−4/12, 16 martdagi 5−4/15 va 30 apreldagi 5−4/33-sonli javob xatlarida ko‘rsatilgan kamchiliklar bartaraf etilmaganligi sababli, ro‘yxatdan o‘tkazishda rad etildi.

16

2020 yil,
15 iyul,
№5−4/53

Tashkilotning Umumiy yig‘ilishi tomonidan tasdiqlangan Ustavda takrorlanishlar aniqlandi. Tashkilot Ustavi 3.3.3-bandining 2 va 12-kichik bandlari bir-biriga qisman mos keladi. Bu, shuningdek, Tashkilot Ustavi 4.1-bandining 2 va 14-kichik bandlariga va 6 va 16-kichik bandlariga taalluqlidir. Shu bilan birga, tashkilot Ustavining matni orfografik va stilistik xato va kamchiliklar bilan qabul qilindi. Yuqoridagilar tufayli ro‘yxatdan o‘tkazish rad etildi.

17

2020 yil,
10 sentyabr,
№5−4/80, №5−4/84

Toshkent shahar adliya boshqarmasiga taqdim etilgan nodavlat notijorat tashkilotlari Nizomi 3.2.1-bandiga muvofiq Umumiy yig‘ilish 5 yilda bir marta o‘tkaziladi. Navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishlar Assotsiatsiya Kengashi yoki Taftish komissiyasining tashabbusi bilan chaqirilishi mumkin. Navbatdan tashqariumumiy yig‘ilishni chaqirish taklifi umumiy yig‘ilishga tayyorgarlik ko‘rish uchun zaruriy vaqtni hisobga olib, yig‘ilish sanasi va ko‘riladigan masalalar ko‘rsatilgan holda uyushma raisiga yozma ravishda taqdim qilinishi kerak.

Navbatdan tashqari chaqirilgan umumiy yig‘ilish chaqirish to‘g‘risidagi taklifda ko‘rsatilgan kundan boshlab 1 oydan kechiktirmay o‘tkaziladi. Umumiy yig‘ilish qarorlari ochiq yoki yopiq ovoz berish yo‘li bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng kelgan holda hal qiluvchi ovoz birlashma raisining deb hisoblangan. Biroq, umumiy yig‘ilishda kim ishtirok etishi va ovoz berishi kerakligi ko‘rsatilmagan. Shu munosabat bilan ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi murojaat rad etildi.

18

2020 yil,
22 oktyabr,
№5−4/105,
№5−4/107

Toshkent shahar adliya boshqarmasiga taqdim etilgan NNT Ustavining 11.3-bandida Ustavda nazarda tutilmagan qoidalar O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlari bilan tartibga solinishi ko‘rsatilgan qoida Ustavning 12.1-bandida ham takrorlanishiga yo‘l qo‘yilgan. Shu munosabat bilan ro‘yxatdan o‘tkazish rad etildi.

Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ ta’sis hujjatlaridagi kamchiliklarning hammasini sanab o‘tish imkoniyatiga ega bo‘lganmi? Agar 1-sonli rad javobining sababi bank to‘lov hujjati ilova qilinmaganligi va 2-sonli rad javobining sababi umumiy yig‘ilish bayonnomasi ilova qilinmaganligi bo‘lsa, Nizomdagi keyingi kamchiliklar bosqichma-bosqich aniqlangan. Ariza beruvchi nizomda topilgan kamchiliklarni bartaraf etganidan so‘ng, shahar adliya boshqarmasi yangidan yangi kamchiliklarni ko‘rsatadi, vaholanki, ro‘yxatdan o‘tkazishda birinchi bor taqdim etilgan rad javobida barchasini ko‘rsatish mumkin bo‘lgan.

Bu kabi amaliyot yuridik fanlari nomzodi Leonid Xvan tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi arizalarni ko‘rib chiqishga nisbatan batafsil tahlil qilingan «Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida"gi Qonun nizomini ochiqdan-ochiq buzmoqda.

Adliya organlarining bunday munosabati ilk bor volontyorlik tashkiloti — qonun hujjatlariga muvofiq tashkil etilgan va volontyorlik faoliyatini amalga oshiruvchi nodavlat notijorat tashkiloti sifatida ko‘rsatilgan «Volontyorlik faoliyati to‘g‘risida"gi qonunni amalga tadbiq qilishda to‘sqinlik qiladi. Boshqacha qilib aytganda, volontyorlik tashkiloti NNT maqomida ro‘yxatdan o‘tmaguncha, u tashkil etilgan deb hisoblanmaydi.

Toshkent shahar adliya boshqarmasidan kelib tushgan 18 ta rad javobining xronologiyasidan ko‘rinib turibdiki, volontyorlik tashkiloti ochish amalda nihoyatda mashaqqatli yumushdir. Adliya vazirligi rahbariyatiga savol: agar volontyorlik tashkilotlarini ro‘yxatdan o‘tkazish shu qadar qiyin bo‘lsa, volontyorlikni qanday rivojlantiramiz?

«Volontyorlik», «volontyorlik tashkiloti» yoki «volontyor» (shu jumladan, kirill yozuvidagi so‘zlar) kalit so‘zlaridan foydalangan holda nodavlat notijorat tashkilotlari va ularning bo‘linmalarining ochiq reyestrida ma’lumot izlash hech qanday natija bermadi. Bu bugungi kungacha bironta nodavlat notijorat tashkiloti volontyorlik tashkiloti sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilmagan degan xavotirni kuchaytiradi.

Sirli ekspertiza

NNTlarni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni yoshlar tashabbuskor guruhining hafsalasini pir qildirish va oxir-oqibat o‘z g‘oyalaridan voz kechish uchun mo‘ljallangan degan taassurot uyg‘otadi. Ammo, «Oltin qanot» yosh volontyorlar markazining tashabbuskorlaridan biri bo‘lgan O‘zbekiston Milliy universiteti «Ijtimoiy soha» yo‘nalishi bo‘yicha talabasi Sanatbek Muzaffarov taslim bo‘lmayapti:

«Ikki yil o‘tgach ham bizning tashkilotimizni baribir ro‘yxatdan o‘tkazishmadi. Ammo biz MCHJ maqomidagi Volontyorlar akademiyasini tashkil etdik. Yaqinda biz NNTni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun yigirma uchinchi marta ta’sis hujjatlarini topshirdik. Oxirgi marta hujjatlarni topshirganimda, Toshkent shahar adliya boshqarmasi xodimi meni chetga olib, to‘rt-beshta tashkilotdan rozilik olganini va hanuzgacha ikki-uchta tashkilotdan javob kutayotganini aytib, boshqa bu masalada murojaat qilmasligimni so‘radi. Bizga agar ushbu tashkilotlar ijobiy javob bersa va hujjatlar ekspertizadan o‘tsa, bizning nodavlat notijorat tashkilotimiz ro‘yxatdan o‘tkazilishini aytishdi. Aks holda, tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazishning imkoni bo‘lmaydi. Ammo biz taslim bo‘lmaymiz va hujjat topshirishda davom etamiz».

Sanatbekning ta’kidlashicha, NNTni ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risida joriy yilning 15 iyun, 19 avgust, 30 sentyabr va 16 oktyabrdagi to‘rtta murojaatiga shahar adliya bo‘limidan yozma javob berilmagan. So‘nggi marta 9 noyabrda ular hujjat topshirishgan.

Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 10 martdagi 57-sonli qarorining 19-bandiga binoan, «ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ, zarurat bo‘lganda, tegishli tashkilotlarga NNTni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun taqdim etilgan hujjatlarni ekspertizadan o‘tkazish uchun yuborishga haqlidir». Bunday «eksperitizalar»ni o‘tkazish huquqiga ega tashkilotlar ro‘yxati oshkor qilinmaydi. Qarorga asosan bunday tashkilotlar 20 kun ichida o‘z xulosalarini bildirishlari shart.

Shu bilan birga, noma’lum ekspert tashkilotlarining xulosasida nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etishning maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa bo‘lishi mumkin va bu holda tashkilot NNTni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Низомniнг 24-bandining 2−10-abzatslarida nazarda tutilgan holatlar doirasida o‘z xulosasini asoslashi shart. Biroq, «Oltin Qanot» nodavlat notijorat tashkilotini ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha tashabbus guruhiga uchinchi tashkilotlarning ekspertizalari bilan tanishish imkoniyati berilmayapti.

Taqqoslash uchun qiziqarli fakt — Olmazor tumani Davlat xizmatlari markazida «Volonterlar akademiyasi» MCHJni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun atigi bir soat vaqt ketdi; tashkilot birinchi martaning o‘zida ta’sis hujjatlari topshirilganda darhol ro‘yxatdan o‘tkazildi.

«Markaz xodimining o‘zi bizning ma’lumotlarimizni MCHJ ustavining tayyor shabloniga kiritdi va hech qanday hujjatlarni talab qilmadi», — deydi Sanatbek Muzaffarov.

Paradoks shundaki, yoshlar ixtiyoriy ravishda ijtimoiy yo‘naltirilgan va ijtimoiy manfaatli faoliyatni beg‘araz faoliyat asosda amalga oshirishni xohlashlariga qaramay, ularga to‘sqinlik qilinmoqda, biznes va tadbirkorlik faoliyati uchun esa barcha yo‘llar ochiq.

Tun yakunida kun yorishi ko‘rinmayapti

«Oltin qanot» nodavlat notijorat tashkilotini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni nima uchun bu qadar cho‘zilmoqda? «Ekspert tashkilotlari»dan biri rad etish uchun rasmiy ravishda qabul qilingan sabablarga mos bo‘lmagan NNTni ro‘yxatdan o‘tkazishning maqsadga muvofiq emasligi to‘g‘risida xulosa bergan bo‘lishi mumkinmi?

Biz faqat taxmin qilishimiz mumkin, chunki tashabbuskor guruhga kelishishning aniq muddati to‘g‘risida, ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning tegishli noma’lum tashkilotlar bilan uchrashuvlari va muzokaralari protokollari to‘g‘risida ma’lumot berilmaydi, bu esa NNTlarni ro‘yxatdan o‘tkazishning butun jarayonini shaffof qilmaydi.

Volontyorlar guruhining motivatsiyasi NNT ro‘yxatdan o‘tkazish uchun uzoq davom etgan kurashga tushib qolishi xafa qiladigan holat. Yoshlar tashabbuslarini har tomondan qo‘llab-quvvatlash o‘rniga shahar adliya boshqarmasi ro‘yxatdan o‘tkazishni qayta va qayta rad etyapti.

Albatta, ushbu aniq holatga asoslanib, O‘zbekistondagi barcha tashabbuskor guruhlar bunday to‘siqlarga duch kelmoqda, deb aytish mumkin emas. Shunga qaramay, ro‘yxatdan o‘tish tizimi va tartibi hamma uchun bir xil, ammo nodavlat notijorat tashkilotlarini ro‘yxatdan o‘tkazishda qanday mezon asosida qaror qabul qilinishi aniq emas. Masalan, nima uchun «Inklyuziv hayot» NNT hujjatlarni o‘n uchinchi marta topshirilganda ro‘yxatdan o‘tdiyu, ammo «Oltin qanot» NNT hanuzgacha kutilayotgan yorug‘likni ko‘rmayapti?

Barcha umid NNTlar to‘g‘risidagi yangi kodeksdan

Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risidagi kodeks loyihasi Vazirlar Mahkamasiga 2020 yil 1 fevralgacha тақдим etilishi kerak edi. Yanvar oyi oxirida Demokratiya va inson huquqlari instituti direktori, O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Maslahat kengashi a’zosi, yuridik fanlari nomzodi Sayyora Xodjayeva Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan kodeksning asl nusxasi shoshilinch tarzda va fuqarolik jamiyati vakillari ishtirokisiz tayyorlanganligini ta’kidlagan edi.

«Yevropaning ko‘plab mamlakatlarida bir kishi uch kun ichida hech qanday to‘siqlarsiz nodavlat notijorat tashkilotini ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin. Bizda esa ta’sischilar kamida 10 kishidan iborat bo‘lishi kerak va ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni bir oy davom etadi. Yangi kodeksda biz ta’sischilar sonini kamida besh kishiga, ro‘yxatdan o‘tkazish muddatini esa 10 kungacha qisqartirishni taklif qildik, ammo bizni eshitishmadi» — Sayyora Xodjayeva yanvar oyida shunday degan edi.

O‘shanda fuqarolik faollari Adliya vazirligi tomonidan taklif qilingan nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risidagi kodeks loyihasidan nihoyatda noroziligini bildirdilar va muqobil hujjatlarini ishlab chiqishga kirishdilar. Tashabbuskor NNT vakillari ishtirokida bir nechta mustaqil guruhlar tashkil etildi. Demokratiya va inson huquqlari instituti Huquqiy muammolarni o‘rganish markazi va Fuqarolik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash markazining Farg‘ona filiali bilan birgalikda NNT to‘g‘risidagi kodeks bo‘yicha o‘z versiyasini tayyorladi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi, 50 dan ortiq o‘z tashabbusi bilan faoliyat yuritadigan nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari va xalqaro ekspertlar ishtirokida, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risidagi muqobil kodeks (matn o‘zbek va rus tillarida) ishlab chiqildi. Kodeksning muqobil versiyalari parlamentga yuborildi. Assotsiatsiya raisi, huquqshunos Oybek Исоқов nodavlat notijorat tashkilotlarini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni bilan bog‘liq quyidagi qoidalarni kiritishni taklif qildi.

«NNTni ro‘yxatdan o‘tkazish hujjatlar topshirilgan kundan boshlab, xabardor etish tartibida 7 ish kuni ichida elektron shaklda amalga oshirilishi kerak. Yuridik maqomga ega va ega bo‘lmagan holda NNTlar tashkil qilish huquqini berish kerak. Shu bilan birga, o‘z faoliyatini yuridik maqom bilan amalga oshirmoqchi bo‘lgan NNTlarni ro‘yxatdan o‘tkazish zarur. Kodeksning biz taklif qilgan na’munasida NNTlarni ro‘yxatdan o‘tkazish funksiyasini Давлат xizmatlari agentligiga o‘tkazishni taklif qildik, bunda NNTlar bir vaqtning o‘zida soliq xizmati va statistika organlarida ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin bo‘ladi».

NNTlar to‘g‘risidagi muqobil kodeksni ishlab chiquvchilar «hujjat matnidagi grammatik, uslubiy va boshqa texnik xatolar, shuningdek dizayndagi texnik nuqsonlar sababli ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish, ro‘yxatdan o‘tkazishni cho‘zish yoki keyinga qoldirish»ni taqiqlashni taklif qilishmoqda. Agar ro‘yxatga oluvchi organ ta’sis hujjatlarini tayyorlashda xatolar va texnik kamchiliklarni aniqlasa, unda murojaat etuvchiga ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ xodimlari yordami bilan kamchiliklarni ular aniqlangan kundan boshlab uch kun ichida bartaraf etish imkoniyati berilishi kerak.

Biroq, Human Rights Watch xalqaro inson huquqlari tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, «nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) kodekslarini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish bo‘yicha va’dalar bajarilmasdan kelinmoqda». Fuqarolik faollari tomonidan tayyorlangan NNTlar bo‘yicha muqobil kodekslar Adliya vazirligi va Prezident administratsiyasiga yuborildi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»da 2020 yil 1 avgustga qadar NNTlar to‘g‘risidagi kodeks loyihasi bo‘yicha ishlar yakunlanishi ko‘zda tutilgan edi. Ammo Adliya vazirligi nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risidagi kodeksning yakuniy loyihasini hali ham normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini muhokama qilish portalida e’lon qilgani yo‘q.

«Rivojlanish strategiyasi» markazining ijrochi direktori Eldor Tulyakov, COVID-19 pandemiyasi sababli NNTlar to‘g‘risidagi kodeks va Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish kechiktirilganini ma’lum qilgan edi.

Agar «Oltin qanot» yoshlar markazi pandemiyadan oldin ro‘yxatdan o‘tkazilganida, aholining zaif qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash uchun qancha ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishi mumkin edi? Axir, tadbir yoki aksiya o‘tkazish uchun rasmiy ravishda ro‘yxatdan o‘tgan birlashma bo‘lishi kerak.

NNTlarni ro‘yxatdan o‘tkazishdagi muammolar bilan bir qatorda, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bilan bog‘liq bir qator masalalar ham hal qilinmay qolyapti. Rasmiylarning 2020 yil martigacha Toshkentda «NNTlar uyi» ochishga va’da berganiga qaramay, yil oxirigacha bu haqda hali rasmiy ma’lumot yo‘q. Prezident farmoniga binoan, bunday «uylar» 2019 yilning 1 yanvariga qadar mamlakatning har bir viloyatida bo‘sh va samarasiz foydalanilayotgan davlat mulki ob’ektlari negizida yaratilishi kerak edi.

Jamoatchilik palatasi tuzilmasi hali shakllanmagan, u manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda uch oy ichida uning apparati to‘g‘risidagi nizom loyihasini ishlab chiqishi va Prezident Administratsiyasiga taqdim etishi, shuningdek, «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jamoat palatasi to‘g‘risida"gi qonun loyihasini ishlab chiqishi va Vazirlar Mahkamasiga kiritishi kerak edi. Afsuski, 2020 yil 16 aprelda Prezident farmoni imzolanganidan yetti oydan ko‘proq vaqt o‘tishiga qaramay, Jamoatchilik palatasini yaratish uchun hech bir harakat amalga oshirilmadi.

Muallifning fikri tahririyat fikri bilan mos kelmasligi mumkin.

Dilmurod Yusupov — Sasseks universiteti (Buyuk Britaniya), Taraqqiyot tadqiqotlari instituti doktoranti