Shavkat Mirziyoyev raisligida 26 noyabr kuni Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi hayotini yaxshilash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Prezident 12−13 noyabr kunlari viloyatda bo‘lib, shu boradagi vazifalarni belgilab bergan edi. Har bir tuman va shaharni jadal rivojlantirishga turtki berish maqsadida markaziy idoralar, jumladan, vazirlik va tijorat banklari rahbarlari biriktirilib, zarur resurslar ajratildi. 2021 yil Qashqadaryoda «Tadbirkorlikni rivojlantirish yili» deb e’lon qilindi.

«Qashqadaryoda birorta sohada tizimli, mana shu uch yarim yil ichida birorta vazir, birorta bosh vazir o‘rinbosari natija bermagan desak bu to‘g‘ri gap. Shuning uchun Qashqadaryo mana shu ahvolga tushib qolgan. Ikkinchidan hamma rayon hokimlari rayon sektor rahbarlari bir hil ishlamayapti, ko‘pi ishlashni xohlamaydi. Mana shu savol bugungi hamma o‘tirganlarni qiynashi kerak», — dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyevning fikricha, Qashqadaryo viloyatida ko‘pgina sohalarda natijalar bermayotgani qayd etilmoqda. Yo‘l, suv va qishloq xo‘jaliklari shular jumlasidandir.

«Qashqadaryo misolida biz kelgusi yilda yangi tizimga o‘tishimiz kerak. Tizim bir narsaki, mas’uliyat va javobgarlik. Nima haqqi bor Toshkentda o‘tirishga? Men har safar aytaman, haftada ikki kun Toshkentda o‘tirish mumkin vazir. Qolgan kunlari viloyatda bo‘lishi kerak. O‘zbekiston vaziriku» — deb aytdi prezident.


Bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiy rivojlanish va kambag‘allikni qiskartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov Qashqadaryo viloyatidagi studiyadan prezident bilan suhbatidan. Foto: Prezident matbuot xizmati

Har bir tuman va shaharning jadal rivojlanishiga turtki berish uchun ularga vazirliklar va tijorat banklari rahbarlari biriktirildi, zarur resurslar ajratildi.

«Qashqadaryoda juda ko‘p bankdan e’tiroz bor. Ayniqsa, tuman banklaridan. Endi yangi tizim Qashqadaryoda, 4 ta bank tuman xalqiga hisobot bersin. Ochiqchasiga aytsin, biz mana shunga shuncha foizda pul beryapmiz. Odamlar bilsin, mana shu bank xalqqa xizmatkor ekanligini», deya ta’kidladi davlat rahbari.

«Bosh vazir har oyda Qashqadaryoni bir marta eshitadi vazirlarini. Surxondaryoni, Qoraqalpog‘istonni. Prezidentga doklad qiladi. Keyin men o‘sha vazir necha foiz ishlaganiga qarab, hokim muovinlarining nima qilganiga qarab har kvartalda qaror qabul qilaman. Buni ishdan olish kerak, buni rag‘batlantirish kerak. Bunga rahmat deyish kerak, buni haydash kerak. Shunday qilib ishlamasak, bo‘lmaydi. Ikkinchidan, 4 ta sektor rahbari jinoyat nima bo‘ldi, yoshlar nima bo‘ldi, xotin-qizlar nima bo‘ldi, „Temir daftar“ nima bo‘ldi, haqida aytadi. Mana shunday ish qilamiz. Qashqadaryo eli yaxshi yashashga haqqi bor», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bundan tashqari, prezident har bir xonadonda yigirma sotix yer bo‘lib, kambag‘al yashashi birorta dunyoda yo‘q ekanligini va Qashqadaryodagi 3,3 mln aholi davlat rahbarining havotirini, davlat rahbarinining befarq emasligini, ko‘magini sezishi kerak ekanligini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyati faollari, mahalliy kengash deputatlari, vazirlik va idoralar rahbarlari bilan uchrashuvda hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni tanqidiy tahlil qilar ekan, «Qashqadaryo o‘zining salohiyatiga mos yashamayapti, mamlakatimizning ko‘pgina hududlaridan ancha orqada», — deya ta’kidlagan edi. Davlat rahbari bunga sobiq hokim Zafar Ro‘ziyev sababchiligini aytgandi.