Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov Sevimli telekanaliga bergan intervyusida davlat idoralari va mansabdor shaxslarning qimmatbaho avtomobil markalarini sotib olishiga yana izoh berdi. Avvalroq, u «davlat xizmatchilariga qoidalarni qabul qilish va cheklovlarni qo‘llash orqali «halollik vaksinasi»ni singdirishdan boshqa iloj yo‘q», deb aytgan edi.

Agentlik rahbari «davlat o‘z xizmatlarini eng yaxshi mol-mulk bilan ta’minlashga intilishini, ammo pandemiya sharoitida mavjud vaziyatni hisobga olgan holda, davlat xaridlari va umuman davlat byudjeti xarajatlarini optimallashtirish to‘g‘risida prezident va hukumat darajasida qarorlar qabul qilinganligini» ta’kidladi.

«Ammo avtotransport vositalarini sotib olish, ayniqsa, viloyat va tumanlar hokimliklari darajasida transport vositalarini qimmat narxlarda sotib olish byudjet mablag‘laridan samarasiz foydalanishga olib keladi», — dedi Akmal Burxonov va bu borada tegishli tekshiruvlar o‘tkazilganligini qo‘shimcha qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, bunday holatlar oz emas, balki o‘nlab yuz bergan. Bu bo‘icha ish boshlangan bo‘lib, u yozda transport vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan prezident farmoni loyihasi haqida aytib o‘tdi. Hujjatda xizmat avtomashinalarini davlat idoralari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlariga shaxsan tayinlash, avtomashinalarni GPS orqali kuzatib borish va ularning xizmat maqsadlarida ishlatilishi ustidan jamoat nazoratini o‘rnatish taklif qilindi.

«Afsuski, biz ko‘pincha shunday holatlarning guvohi bo‘lamizki, mashinalardan shaxsiy, oilaviy maqsadlarda ishlatilishini tez-tez uchratamiz. Masalan, bolalarni maktabga olib borish yoki bozorlarda xarid qilish uchun. Bu mening avtomobilim degan tushuncha oddiy hol bo‘lib qolgan», — dedi agentlik direktori.

Uning ta’kidlashicha, o‘zi hukumat tomonidan ijaraga olingan navbatchi mashinadan foydalanadi. «Biz agentlik rahbari uchun maxsus mashina sotib olmaganmiz», — deydi Akmal Burxonov.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, Akmal Burxonov hukumatga tegishli Mercedes Benz rusumli xizmat avtomobilidan foydalanadi.

Tahririyat 9 oktyabr kuni agentlik har biri 311,1 mln so‘mdan uchta Malibu-2 avtomashinasini sotib olganini aniqladi (1, 2, 3). Agentlikning ta’kidlashicha, mashinalar birinchi o‘rinbosar va direktorning ikki o‘rinbosari uchun sotib olingan.

Prezident qaroriga (PQ-4761) binoan agentlik direktori maqomi, mehnatga haq to‘lash shartlari, tibbiy va transport xizmatlariga ko‘ra vazirga, direktor o‘rinbosarlari esa vazir o‘rinbosarlariga tenglashtirilgan.

Xizmat maqsadlarida foydalanish uchun transport vositalarini belgilangan muddatlarda sotib olish yoki yollash faqat Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda respublika byudjetidan moliyalashtiriladigan tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi.

«Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi direktori uchun xizmat avtomashinasini sotib olish uchun 595 mln so‘m ajratilgan, ammo pandemiya bilan bog‘liq mavjud vaziyatdan kelib chiqib, mablag‘ davlat byudjetiga qaytarilgan. Hozirda agentlik direktori Akmal Burxonov davlat tomonidan berilgan navbatchi avtomashinadan foydalanadi. Prezident tomonidan tayinlanadigan direktorning birinchi o‘rinbosari uchun Malibu rusumli avtomobil moliyaviy yil yakunlanayotgani sabab, moliya vazirligi bilan kelishilgan holda oldindan sotib olingan», — deyiladi agentlik xabarida.

Avvalroq Moliya vaziri Timur Ishmetov ham davlat xizmatchilari tomonidan qimmatbaho mashinalar sotib olinishiga izoh bergandi.