Energetika vaziri Alisher Sultonov matbuot anjumanida O‘zbekistondagi gaz va elektr ta’minotida yuzaga kelgan muammolar tufayli rivojlangan davlatlardagi kabi mutasaddilarning iste’foga chiqishi masalasidagi savolga javob berdi.

«Gazeta.uz» muxbirining xabar berishicha, vazir ushbu savolga har bir rahbar ishga kelganidan beri javob berishga tayyorligini ma’lum qilgan.

«Biz birinchi ish kunimizdanoq iste’foga tayyor bo‘lib ishlaganmiz. Gap shundaki, „har bir rahbar yoki mutaxassis o‘zining joyida, o‘zining ishini necha foiz bajarmoqda. Qanchalik o‘zining ishiga berilib ishlayapti?“. O‘ylaymanki, bu ham oson emas. To‘g‘ri, kamchiliklar juda ham ko‘p. Lekin hozir hamma iste’foga chiqib ketadigan bo‘lsa, ishni kim qiladi? Mutaxassislar o‘zi qolmayapti. Siz [jurnalist — tahr.] o‘ylamang, hech kim o‘zini joyini ushlab olgani yo‘q, lekin qanday qiyin bo‘lmasin, hamma o‘zini ishini qilishi kerak. Hamma o‘zining aravasini tortishi kerak. Biz ham shu ishni qilayapmiz, sizga [savol bergan jurnalistga qarata — tahr.] o‘xshab», — dedi Alisher Sultonov.

Vazir bundan tashqari, bir kunlik elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha raqamlarga to‘xtalib o‘tdi.

«Shu noyabr oyidagi kabi vaziyat oldin kuzatilmagan. O‘tgan sutkada iste’mol bo‘yicha biz tarixiy maksimumga chiqdik, bir kunlik iste’mol 213 mln kVt/soatni tashkil etdi. Bu 17 foiz o‘sish degani», — dedi vazir.

Avvalroq, energetika vaziri Alisher Sultonov O‘zbekiston hech qachon «Lukoyl»dan qarz bo‘lmaganini ta’kidlagan edi. U qarzdor «O‘zbekneftegaz» bo‘lganini, hozirgi paytda «O‘ztransgaz» gaz olganini aytgan. «Shuning uchun bu ikkita xo‘jalik sub’ektlari o‘rtasidagi munosabat», — dedi vazir. Uning o‘rinbosari Behzot Normatov O‘zbekiston «Lukoyl» loyihasidan daromadi $4 mlrddan ziyod bo‘lgan, O‘zbekiston gazini sotish hisobiga «Lukoyl» $1 mlrddan sal ko‘proq pul ishlaganini ma’lum qildi.