O‘zbekiston hech qachon “Lukoyl"dan qarz bo‘lmagan. Bu haqda Energetika vaziri Alisher Sultonov matbuot anjumanida ma’lum qildi, deya “Gazeta.uz” jurnalisti uning so‘zlarini keltirmoqda.

“Hech qachon O‘zbekiston “Lukoyl"dan qarz bo‘lmagan. “Lukoyl” ham O‘zbekiston mendan qarz deb e’lon qilgani yo‘q. U payt “O‘zbekneftegaz” qarz bo‘lgan, hozirgi paytda “O‘ztransgaz” gaz olgan. O‘shaning uchun bu ikkita xo‘jalik subyektlari o‘rtasidagi munosabat” — dedi vazir.

Vazir o‘rinbosari Behzot Normatov O‘zbekiston “Lukoyl” bilan mahsulot taqsimotiga oid bitim doirasida ish olib borayotganini ma’lum qildi.

“Korxonaga tushadigan mablag‘ni 80−85 foizi davlatda qoladi. Shu kunga qadar, mamlakatni „Lukoyl“ loyihasidan daromadi $4 mlrddan ziyod bo‘lgan, O‘zbekiston gazini sotish hisobiga „Lukoyl“ $1 mlrddan sal ko‘proq pul ishlagan. Shu qatorda, kompaniya o‘zi shu loyihaga $7 mlrd mablag‘ kiritib, davlatdagi eng yirik investorlardan biri hisoblanadi”, — dedi u.

Shunga qaramasdan, u qaysi mahsulot taqsimotiga oid bitim va loyiha haqida gap ketayotganini aniqlashtirmagan. Eslatib o‘tamiz, mazkur bitim “Lukoyl” bilan “Qandim-Xauzak-Shodi” loyihasi bo‘yicha 2046-yilgacha, Gissar loyihasi doirasida esa 2043-yilgacha tuzilgan.

Behzot Normatov hukumatning asosiy vazifasi — aholini gaz bilan ta’minlash ekanini eslatib o‘tdi. Shunga ko‘ra, O‘zbekiston “Lukoyl"dan eksport narxida gaz harid qilib, aholiga 5−6 marta arzonroq narxda sotgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, “Lukoyl” bilan kelishilgan grafik doirasida O‘zbekiston muntazam ravishda qarzdorlikni yopib kelmoqda. “Mablag‘larning bir qismi [qarzdan] baribir davlat byudjetiga qaytariladi”, — dedi u.

“Gazeta.uz” jurnalisti bilan suhbatda vazir o‘rinbosari qarzning aholi va byudjetga “og‘irligi” tushmasligini ma’lum qildi.

Avvalroq, deputat Doniyor G‘aniyev hukumatni neft va gaz dunyoda eng serdaromad sohalardan biri bo‘lishiga qaramasdan, “O‘zbekneftegaz"ga 400,9 mlrd so‘m miqdorida “qaytarilmas” subsidiyalar bergani uchun tanqid qilgan edi. Moliya vaziri Timur Ishmetov ta’kidlashicha, “subsidiya berish neft va gaz sohasidagi ishlarning haqiqiy holatini ko‘rsatdi”. Uning so‘zlariga ko‘ra, transformatsiyasiz davlat korxonalari subsidiyalar olishda davom etadi va kreditlar bo‘yicha qarzlar davlat kompaniyasi ustav fondiga kiritiladi.

Eslatib o‘tamiz, 2019-yilning mart oyida O‘zbekiston “Lukoyl"dan 2018-yilda yetkazib berilgan gaz uchun 600 mln dollar qarzdor bo‘lib qolgani ma’lum bo‘lgan edi. Qarz O‘zbekiston gazning bir qismini ichki bozor uchun olib qolgani natijasida yuzaga kelgan. Mahsulot taqsimotiga oid bitim shartlariga ko‘ra, ishlab chiqarilgan gaz hajmini eksport qilish nazarda tutilgan edi.

O‘tgan yilning iyun oyida prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston “Lukoyl"dan ichki bozorga sotish uchun 146 dollardan gaz xarid qilib, uni aholiga 40 dollardan sotayotganini va har bir kub metr o‘rtasidagi 100 dollarlik farq 600 mln dollarlik qarzni paydo qilganini ta’kidlagan edi. O‘shanda prezident nima uchun mahsulot taqsimotiga oid bitimda milliy manfaatlar hisobga olinmagani haqida savol bergandi.

Ma’lumot o‘rnida, mahsulot taqsimotiga oid bitim shartnoma hisoblanib, unga muvofiq O‘zbekiston haq olish asosida va muayyan muddatga chet ellik investorga (bundan buyon matnda investor deb yuritiladi) bitimda ko‘rsatilgan yer qa’ri uchastkasida konlarni aniqlash, qidirish va foydali qazilmalarni kavlab olish hamda shular bilan bog‘liq bo‘lgan ishlarni olib borish uchun mutlaq huquqlar beradi, investor esa mazkur ishlarni o‘z mablag‘lari hisobiga va tavakkal qilib amalga oshirish majburiyatini oladi.