«Gazeta.uz» tahririyatiga kelajakda tekshirilmagan ma’lumotlar e’lon qilingan taqdirda «jiddiy huquqiy oqibatlar» kelib chiqishi ogohlantirilgan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xo‘jayev tomonidan imzolangan xat kelib tushdi.

Ogohlantirish 17 noyabr kuni prezident rahbari matbuot xizmati xabari asosida yozilgan «Prezident poruchil optimizirovat COVID-bolnitsы» xabariga tegishli (xat rus tilidagi xabar bo‘yicha berilgan. O‘zbek tilida ushbu xabar: «Prezident COVID-19 kasalxonalarini optimizatsiya qilish bo‘yicha topshiriq berdi»). Prezident matbuot xizmatining xabarida quyidagi matn mavjud: «Bugungi kunda O‘zbekiston bo‘yicha 89 ta muassasada 17 ming 500 o‘rin COVID-19 bilan kasallanganlar uchun ajratilgan. Hozirda ushbu o‘rinlarda 6 ming 570 nafar bemor davolanmoqda…Shu munosabat bilan, mutasaddilarga koronavirusga ixtisoslashgan shifoxonalar faoliyatini chuqur o‘rganib, ularni optimizatsiya qilish topshirig‘i berildi».

Keltirilgan matnda koronavirus bemorlari va koronavirus bilan kasallanganlar uchun mo‘ljallangan shifoxonalar to‘g‘risida aniq aytilgan. Shu bois, «Gazeta.uz» ushbu xabarni berishda Sog‘liqni saqlash vazirligining o‘sha kuni kechki vaqtda bergan statistik ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatda 2123 nafar koronavirus bemori davolanayotganiga e’tibor qaratdi. Xabarni e’lon qilishdan oldin tahririyat SSVga munosabat so‘rab murojaat qildi, lekin tezkor javob ololmadi.

Xabar e’lon qilinganidan bir oz vaqt o‘tganidan so‘ng SSV ushbu holatga izoh berib, 6570 nafar bemor ichida ba’zi belgilari mavjud bo‘lib, kasallikda gumon qilingan, lekin virus tasdiqlanmagan, shuningdek, pnevmoniyaga chalingan yoki unga ham gumon qilingan bemorlar borligini ma’lum qildi. «Gazeta.uz» ushbu tushuntirishni ham o‘z saytida e’lon qildi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi xatida qayd etilishicha, «to‘la tekshirilmagan ma’lumot asosida e’lon qilingan xabar va uning ketidan bildirilgan munosabat jamoatchilikda noto‘g‘ri fikrga olib kelgan».

AOKAning qo‘shimcha qilishicha: «Bu esa, o‘z navbatida, mamlakat hukumati tomonidan ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan sa’y-harakatlarga nisbatan salbiy fikr-mulohazalar uyg‘onishiga sabab bo‘lishi mumkin» (agentlik tomonidan bu so‘zlarning tagiga chizilgan).

«Gazeta.uz» masalani bunday bayon qilishni bo‘rttirish deb hisoblaydi, ogohlantirish xatiga esa tahririyatni «noqulay» savollar berishni to‘xtatishga majbur qilish bo‘yicha keskin javob deb qaraydi.

Eslatib o‘tamiz, sentyabr oyida «Gazeta.uz» Davlat statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga tayanib, O‘zbekistonda o‘lim holatlari soni koronavirus pandemiyasi davrida iyul oyida 26,4%ga, Toshkentda esa 2,6 marotabaga ko‘paygani haqida yozgan edi. Sog‘liqni saqlash vazirligi tahririyatning ushbu masala bo‘yicha murojaatiga haligacha javob bermadi.

Noyabr oyida biz Davlat statistika qo‘mitasi so‘nggi yillar davomida ilk bor, ya’ni O‘zbekistonda yanvar-sentyabr oylarida kuzatilgan o‘lim holatlari statistikasi demografik holat to‘g‘risidagi choraklik hisobotiga kiritmagani haqida xabar bergan edik.

«Gazeta.uz» davlat organlari fuqarolarni qiziqtirgan masalalar bo‘yicha jamoatchilikka to‘liq ma’lumot bermasligi yoki umuman ma’lumot berilmasligi kabi holatlar juda ko‘p, deb hisoblaydi. AOKA bunday vaziyatlarda chetda qolib ketadi, jamoatchilik esa, muhim ma’lumotni ololmay, yutqazadi.

Hukumatga savol berish, fuqarolar fikrini unga yetkazish — demokratik jamiyatdagi OAVning asosiy vazifalaridan biridir. Ushbu holatdagi o‘quvchilarning izohlari (ularning mazmuni qonunchilikni buzmaydi) jamiyatdagi kayfiyatning indikatori bo‘lishi mumkin, lekin OAVga qarshi sanksiya qo‘llash uchun sabab emas.

Ma’lumot uchun, 23 noyabr kuni Kun.uz internet nashri ham AOKAdan ogohlantirish olgan. Bunga tahririyat tomonidan ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining O‘zbekistonda izg‘irin sovuq tushushi ortidan gaz va elektr ta’minoti muammolari bilan bog‘liq fikr-mulohazalarining e’lon qilinishi sabab bo‘lgan. Sayt ham «jiddiy huquqiy oqibatlar» haqida xabardor qilingan.

Kun.uz tahririyati AOKA bosh direktorining xatini «jurnalistik faoliyat erkinligiga bosim o‘tkazish» deb baholadi va jurnalistlar bilan «kurash» o‘rniga mavjud muammolarni hal etishga e’tibor qaratishga chaqirdi.

«Gazeta.uz» Kun.uz`ni qo‘llab-quvvatlaydi va uning chaqiruvlariga qo‘shiladi.