24 noyabr kuni Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Qozog‘istondan kelgan bir guruh tadbirkorlar bilan uchrashdi, deya xabar berdi shahar hokimligi matbuot xizmati. Ular sanoat, qurilish, tibbiyot, landshaft dizayni va turizm sohalarida investitsiya loyihalarini amalga oshirishni muhokama qilishdi.

Qayd etilishicha, GALANZ Bottlers kompaniyasi O‘zbekistonda salqin ichimliklar ishlab chiqaradigan zavod qurishni rejalashtirmoqda. Korxonada «Maxi chay» salqin choyi, «Funky», «Sok Berezы», Laimon Fresh gazli ichimliklari, «Pervokvas» kvas ichimligi, «Sevens» ichimlik suvi va boshqa ichimliklar ishlab chiqarilmoqda.

«Bizning kompaniyamiz 22 yildan beri Qozog‘istonda ichimliklar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Biz ichimliklar ishlab chiqaradigan eng yirik uchta kompaniyadan birimiz. Biz sherigimiz bilan bu yerda salqin choy, shuningdek, gazlangan ichimliklar va suv ishlab chiqaradigan zavod qurishdan manfaatdormiz. Bu sarmoyaviy rejalar», — dedi kompaniya vakili.

GALANZ Bottlers, shuningdek, O‘zbekistondan Qozog‘istonga kolbasa, makaron, konserva va qandolat mahsulotlarini import qilmoqchi.

Qozog‘istondagi eng yirik tozalash kompaniyalaridan biri bo‘lgan IC Group o‘z ishini autsorsing asosida qurib, shaharni obodonlashtirishda o‘zining texnologik yechimlarini taklif qildi. Kompaniya Qozog‘istondagi korporativ segment, savdo-ko‘ngilochar markazlari, banklar, yirik chakana savdo tarmoqlari bozorining ulushining 27% dan ortig‘ini egallaydi va kapitali 8 mlrd tenge (18,8 mln dollar) ni tashkil etadi. Toshkent hokimi poytaxt tumanlaridan birida qo‘shma pilot loyihani amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.

Timus Development MCHJ direktori Timur Nurtayev jamoat transportlarida bepul Wi-Fi joriy etish va turizm va tibbiyotda IT-loyihalarni amalga oshirish xizmatini taklif qildi.

«Yana bitta biznes mavjud — tibbiy axborot tizimlari. Bu bir o‘q bilan ikki quyonni o‘ldirishga imkon beruvchi IT sohasidagi ishlanmalardir. Sog‘liqni saqlash tizimi uchun aholiga-alohida elektron pasportni yo‘lga qo‘yish, statistik ma’lumotlar va tahlillarni olib borish mumkin bo‘ladi. Masofadan turib shifokor qabuliga yozilish, eng yaqin poliklinika va kerakli shifokor qayerdaligini, kerakli tibbiy dorilarni qayerdan topishni bilish xaridor uchun foydali bo‘ladi. Shifokorlar o‘zlarining ofislariga ega bo‘lishadi, u yerda kasalliklarni davolash protokollari, shu jumladan COVID-19 bo‘yicha ma’lumotlar yozib boriladi», — dedi u.

Avvalroq o‘sha yig‘ilishda Magnum Cash&Carry (Qozog‘iston) rahbari Azamat Osmanov O‘zbekistonning chakana bozoriga kirish rejalari haqida xabar bergandi. Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, har bir manzil uchun sarmoyalar hajmi 5 mln dollarni tashkil etadi. 2021 yilda ushbu chakana va savdo tarmog‘i 6 ta filialni ochishni rejalashtirmoqda.