O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 noyabr kuni «Genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olish to‘g‘risida"gi Qonunni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» Telegram-kanalida xabar qilindi.

Unga ko‘ra, davlat ro‘yxatiga olish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

  • birinchi bosqichda biologik materialni olish amalga oshiriladi;
  • ikkinchi bosqichda biologik materialdan genomga oid axborot olinadi;
  • uchinchi bosqichda genomga oid axborot Genomga oid axborotning yagona ma’lumotlar bazasiga kiritiladi.

Genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olish biologik materialni olish, undan foydalanish, uni saqlash va yo‘q qilish, shuningdek odamning shaxsini, tanib olinmagan murdani identifikatsiya qilish va (yoki) biologik qarindoshlikni aniqlash va uni muhofaza qilish bilan bog‘liq bo‘lgan, davlat organlari va muassasasi tomonidan amalga oshiriladigan faoliyat hisoblanadi.

Ichki ishlar vazirligi genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olish sohasidagi vakolatli davlat organi hisoblanadi.

Genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olish ixtiyoriy (pulli asosda) va majburiy ravishda davlat ro‘yxatiga olish tarzida amalga oshiriladi.

Qonun 2023 yil 1 yanvardan e’tiboran kuchga kiradi.