Qashqadaryoda maktab direktori qozonxona binosini firibgarlik yo‘li bilan 6000 dollarga sotmoqchi bo‘lganida qo‘lga olindi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Bosh prokuraturanig xabar berdi. Qo‘lga olish ishlari Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda DXXning Qashqadaryo viloyati boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda amalga oshirildi.

Xabar berilishicha, Shahrisabz tumanidagi 7-sonli maktab direktori B.S. maktab balansida bo‘lgan yaroqsiz qozonxona binosini balansdan chiqarib, firibgarlik yo‘li bilan fuqaro A. ga 6000 dollarga sotishni rejalashtirgan. Dastlab u 3000 dollarni olgan bo‘lib, keyinchalik yer uchun hujjatlarni tayyorlab berish evaziga kelishilgan pulning 500 dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.