20 noyabr kuni O‘zbekiston 2030 va 2023 yillargacha muddatga ega, mos ravishda 555 million dollar va 2 trln so‘mlik yevrobondlarni ikki transhda muomalaga chiqardi. Dollarlik yevrobondlarning daromadi 3,7% ni tashkil etadi, so‘mda esa yiliga 14,5%.

Moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isoqov «O‘zbekiston 24» telekanali «Studiya 24» dasturiga bergan intervyusida milliy valyutadagi uch yillik qarz majburiyatlarining aksariyatini fond va bank boshqaruvchilarini o‘z ichiga olgan holda AQSH, Buyuk Britaniya, Yevropa mamlakatlaridan deyarli 20 nafar investor sotib olganini aytdi (ular xaridorlarning 90 foizini tashkil qiladi).

O‘zbekistonning o‘n yillik yevrobondlarini AQSH (54%), Buyuk Britaniya (25%), Yevropa (17%) hamda Osiyo va Yaqin Sharq mamlakatlaridan (4%) qariyb 200 sarmoyador sotib oldi. Jamg‘arma boshqaruvchilari, sug‘urta kompaniyalari, suveren va pensiya fondlari yevrobondlarning asosiy xaridorlari bo‘lgan.

«Umuman olganda, biz ham geografiyadan, ham investorlarning turlaridan mamnunmiz. Muzokaralar davomida ularning aksariyati O‘zbekistonga nisbatan juda iliq so‘zlarni aytishdi. Ularning ba’zilari 2019 yil fevral oyida chiqarilgan bizning yevrobondlarni sotib olishdi. O‘ylaymanki, ular o‘z sarmoyalarini uzoq muddatli istiqbolga sarmoya kiritishga tayyorlar», — deb hisoblaydi moliya vazirining o‘rinbosari.

Odilbek Isoqov, shuningdek, qarzdorlik qog‘ozlarini milliy valyutada chiqarishning afzalligi nimada ekanligini tushuntirib berdi.

«Yaqin vaqtgacha xalqaro moliya institutlarining kreditlari dollar, yevro va yapon iyenasida jalb qilingan. O‘zbek so‘miga jalb qilish juda yaxshi yangilik, chunki hozirda emitentlar — O‘zbekiston va boshqa mahalliy kompaniyalar, agar ular kelajakda xalqaro yevrobondlarni so‘mga chiqarishsa, valyuta xavfiga ega bo‘lmaydi. Barcha to‘lovlar so‘mda amalga oshirilgandan va kelajakda bir-ikki yoki uch yil ichida ular bir xil miqdorda to‘lashadi. Dollarga nisbatan esa, valyuta kursining o‘zgarishiga asoslanib, so‘mdagi qiymat oshadi yoki kamayadi. Endi bu xavf emitentlarga emas, investorlarga tegishli», — dedi u.

Vazir o‘rinbosari O‘zbekistonning ichki qimmatli qog‘ozlar bozori hozirda rivojlanmagani, unda mahalliy investorlar kamligini tan oldi. Shunga qaramay, Moliya vazirligi har yili ichki bozorda davlat g‘aznachilik obligatsiyalarini chiqarish hajmini ko‘paytiradi. Agar 2018 yilda 600 mlrd so‘mlik obligatsiyalar chiqarilgan bo‘lsa, bu yilga kelib — 4,8 trln so‘mga teng hajmga ega.

«Davlat g‘aznasi yevrobondlariga talab mavjud va biz taklifni ko‘paytirmoqdamiz, ammo bu yetarli emas. Bizning yakuniy maqsadimiz — ushbu xorijiy investorlarni O‘zbekistonga jalb qilish va ularning davlat g‘aznachilik obligatsiyalari, aksiyalarini va o‘zbek bozoridagi boshqa emitentlarning qimmatli qog‘ozlarini so‘mga sotib olishlarini ta’minlash. Bu muayyan vaqtni talab qiladigan jarayon», — deya ta’kidladi moliya vazirining o‘rinbosari.

Odilbek Isoqov 2021 yilda 5 trln so‘mlik davlat g‘aznachilik obligatsiyalari, shuningdek 700 mln dollarga xalqaro yevrobondlarni joylashtirish rejalashtirilganligini aytdi.

«Albatta, miqdorlar byudjet taqchilligi, daromadlar, xarajatlar va boshqa omillarga qarab o‘zgarishi mumkin va qaror mamlakat rahbariyati tomonidan qabul qilinadi», — dedi u.

Moliya vazirligi yevrobondlarni joylashtirishdan tushadigan mablag‘lar byudjet kamomadini qoplashga (yanvar-sentyabr oylarida bu 7,7 trln so‘mni yoki YAIMning 1,9 foizini tashkil etdi), shuningdek 2021 yilda O‘zbekistonni barqaror rivojlantirish uchun amalga oshiriladigan qator loyihalarni moliyalashtirishga sarflanishi haqida xabar berdi.

Vazirlik matbuot xizmatining «Gazeta.uz»ga xabar berishicha, so‘nggi yevrobondlarni joylashtirishdan tushadigan mablag‘lar quyidagi maqsadlarga yo‘naltiriladi:

  • 15 ta yangi maktab qurish;
  • 3 ta tibbiyot muassasasi qurish;
  • 200 km suv ta’minoti tizimlari va kanalizatsiya qurish;
  • 298 km avtomobil yo‘llarini ta’mirlash;
  • Qiyin ahvolga tushib qolgan ayollarga, nogironligi bo‘lgan ayollarga moddiy yordam ko‘rsatish;
  • Ayollarga oilaviy yoki xususiy korxona tashkil qilishga imtiyozli kreditlar berish;
  • Onalik va bolalikni himoya qilish, oila institutini mustahkamlash xarajatlariga sarflash;
  • Qiyin ahvolga tushib qolgan ayollar tomonidan uy-joy sotib olishda dastlabki to‘lovni qoplash;
  • Ishsizlik nafaqasini to‘lash;
  • Ishsizlar tomonidan issiqxona tashkil qilishga subsidiya berish;
  • Turizm sohasidagi maqsadlarni dasturlarni moliyalashtirish.

Ushbu maqsadlarga 1 trln so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltiriladi.

Bundan tashqari, seshanba kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Moliya vazirligiga yevrobondlarni chiqarish orqali jalb qilinadigan 1 trln so‘m mablag‘ni Xalq Banki, «Mikrokreditbanke» va «Agrobanke»ga oilaviy biznes dasturlari uchun resurs sifatida joylashtirish to‘g‘risida topshiriq berdi.

Shuningdek, Xalq bankiga ayollar tadbirkorligi uchun loyihalar tayyorlash va ayollarni biznesga o‘rgatish topshirildi. Shu bilan birga, bank xodimlari bevosita istiqbolli tadbirkorlarga, shu jumladan joylarga borib xizmat ko‘rsatishlari lozim qilib qo‘yildi.