Toshkent viloyatida aholini ogohlantirmasdan elektr ta’minotidan uzish holatlariga yo‘l qo‘ygan mutasaddi shaxslarga nisbatan choralar ko‘rilmoqda. Bu haqda Monopolgiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi matbuot xizmati xabar qildi.

Xususan, Toshkent viloyati Monopoliyaga qarshi kurashish hududiy boshqarmasi tomonidan Olmaliq shahridagi 279-sonli elektr transformatorga ulangan iste’molchilar iogohlantirilmasdan elektr ta’minotidan uzib qo‘yilgan. Ushbu holat yuzasidan «Olmaliq shahar elektr ta’minoti» korxonasi rahbari Anvarjon Urazaliyevga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 178-moddasiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. ib, Olmaliq shahar ma’muriy sudiga ish yurituvdagi hujjatlar yuborildi.

Shuningdek, oktyabr oyida Zangiota tumanida tarmoqdan uzib qo‘yilgan qarzdor iste’molchilar to‘lovlarni amalga oshirgandan keyin qayta ulash bo‘yicha ariza topshirganlariga qaramasdan, elektr tarmog‘iga qayta ulash ishlari kechiktirilgan.

Yuqoridagi holat yuzasidan «Toshkent hududiy elektr tarmoqlari» AJga nisbatan «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi Qonunning 19-moddasi birinchi qismi talablari buzilganligi sababli ko‘rsatma berilib, barcha mutasaddilar kelgusida qonun buzilish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida ogohlantirilgan.

Shunga qaramasdan, 20 noyabr kuni Toshkent tumanidagi qariyb 17 ming elektr energiya iste’molchisi tomonidan foydalanilgan elektr energiyasi uchun to‘lovlar bo‘yicha yuzaga kelgan qarzdorlik sababli amaldagi tartib bo‘yicha ASKUE tizimi avtomatik ravishda qarzdor iste’molchilarning ta’minotini to‘xtatgan. O‘z navbatida, yuqoridaga holat joyiga chiqib o‘rganilganda, iste’molchilar tomonidan foydalanilgan elektr energiyasi uchun qarzdorlik to‘langandan keyin ham avtomatik ravishda elektr tarmog‘iga qayta ulanmagan holatlar aniqlangan.

Ushbu holat joriy yilning 21, 22 noyabr kunlari Qibray hamda Zangiota tumanlarida ham aniqlandi. Hozirgi kunda hududiy boshqarmaning 29 oktyabrdagi ko‘rsatmasini bajarmaganligi sababli Toshkent, Zangiota, Qibray tumani elektr tarmoqlari korxonalari rahbarlariga nisbatan ma’muriy hujjatlarni rasmiylashtirib, tegishli tartibda ko‘rib chiqish uchun ma’muriy sudga yuborish choralari ko‘rilmoqda, deyiladi xabarda.