O‘zbekistonda daraxtlarni kesishga moratoriy joriy qilingan davr mobaynida [11 oyda] Toshkent shahri bo‘yicha jami 24236 tup daraxtni kesishga oid jismoniy va yuridik shaxslardan 1690 ta murojaat kelib tushdi. Bu haqda Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i Nodir Yunusov «Gazeta.uz» ma’lum qildi.

Uning qayd etishicha, o‘rganishlar natijasida 15,5 mingdan ortiq daraxtlarni saqlab qolishga erishilgan. Shuningdek, shu yilning o‘tgan 11 oyida daraxtlarning noqonuniy kesilishi bilan bog‘liq 307 ta holat aniqlangan. Shundan 297 tasi ma’muriy huquqbuzarlik hisoblanib, aybdorlarga 428 mln so‘m jarima belgilangan, umumiy yetkazilgan zarar summasi esa 1 mlrd 305 mln so‘mni tashkil etgan.

Bundan tashqari, 9 holatda tabiatga juda katta, aniqrog‘i mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 300 baravari, ya’ni 67 mln so‘mdan ko‘p zarar yetkazilgani sababli jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Bu bo‘yicha tegishli hujjatlar prokuratura organlariga taqdim etilgan. Tabiatga yetkazilgan zarar esa 1 mlrd 881 ming so‘mni tashkil etgan.

«Ming afsuski, Toshkent shahrida aniqlangan daraxtlarni noqonuniy kesish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarda, ulardan 10 tasi aynan mansabdor shaxslar bilan bog‘liq. Bu ham bo‘lsa, joylardagi obodonlashtirish boshqarmalari xodimlari tomonidan noto‘g‘ri amalga oshirilgani aniqlandi. Shu sababli biz, obodonlashtirish boshqarmalari bilan bundan keyingi davrda daraxtlarni kesilishiga aynan ekologiya inspektorlari ishtirokisiz yo‘l qo‘yilmasligiga kelishib oldik. Buni huquqiy jihatdan ta’minlash maqsadida Davlat ekologiya qo‘mitasi va mutasaddi tashkilotlar tomonidan yangi qaror loyihasi ishlab chiqilmoqda», — dedi Nodir Yunusov.

Shu bilan birga, daraxtlarni kesish bilan bog‘liq vaziyatlarda yana bir muammo, ularni ko‘chirib o‘tkazish holati ham ko‘p uchrayotgani ta’kidlandi. Hozirda daraxtlarni ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat mavjud emas. Yangi qaror loyihasida uning aniq tartib-tamoyillari, daraxtlarni xavfsiz ko‘chirib o‘tkazish choralari va boshqalarni belgilash rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, hisobot davomida 2019 yilda qilingan murojaatlar ham qayta ko‘rib chiqilgan. Ma’lum bo‘lishicha, joylarda 10 mingga yaqin daraxtlarni qurigan va kasallangani sababli kesish bo‘yicha ijobiy hulosalar berilgan.

Davlat ekologiya qo‘mitasi vakili Turkiston saroyi yon hududidagi daraxtlarni belgilash masalasiga ham izoh berib o‘tdi.

«Toshkent shahri misolida ilmiy institut vakillaridan iborat ishchi guruh tuzilgan. Uning asosiy maqsadi shahar ko‘chalaridagi barcha daraxtlarning holatini o‘rganib chiqish, birinchi navbatda zararlangan daraxtlarni davolash bo‘yicha har biriga individual yondoshgan holda chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish belgilangan. Turkiston yon hududi, Alisher Navoiy ko‘chasini o‘rganganimizda daraxtlarning deyarli 60 foizi katta yoki kichik miqdorda zararlangani aniqlandi», — deya ta’kidladi boshqarma boshlig‘i.

Qayd etilishicha, qaror loyihasi bilan butun respublika aholi yashash punktlarida daraxtlarni himoya qilish vositalari bilan ta’minlash va ularni sug‘orish tizimni joriy qilish ko‘zda tutilgan. Bunda tegishli hududlarda obodonlashtirish boshqarmalari qoshida maxsus tizimlar joriy qilinishi aytildi.

Avvalroq, «Gazeta.uz» Davlat ekologiya qo‘mitasi o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarning qimmatbaho navlarini kesishga moratoriy muddatini 2021 yil 31 dekabrga qadar uzaytirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritgani haqida yozgan edi.

Eslatib o‘tamiz, Turkiston saroyi yaqinida daraxtlarga maxsus belgilar qo‘yilgani haqida xabar bergan edik. O‘shanda Ekologiya qo‘mitasi belgili daraxtlar imkon qadar kesilmasligini ma’lum qilgan edi.