Andijon viloyati Baliqchi tumanida uchta maktabga tegishli bo‘lgan yer maydonlari asossiz ravishda tadbirkorlik sub’ektlariga berib yuborilayotgani aniqlandi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Vazirlik yer maydonlarini ta’lim muassasalari tasarrufiga qaytarish bo‘yicha Andijon viloyati prokuraturasiga murojaat bilan chiqqan.

Ma’lum bo‘lishicha, Baliqchi tuman hokimligining qarori bilan tumandagi 10, 39 va 50-son umumiy o‘rta ta’lim maktablari hududidagi jami 73,4 sotix yer maydonlari prezidentning «Xalq ta’lim tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga zid ravishda xalq ta’limi vaziri bilan kelishuv amalga oshirilmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuman zaxirasiga olingan.

Ushbu holat bo‘yicha Baliqchi tuman prokuraturasi tomonidan tuman hokimining qaroriga protest keltirish yo‘li bilan bekor qilinishi ta’minlangan, deyiladi xabarda.