Mablag‘larning noqonuniy sarflanishining oldini olish bo‘yicha Qashqadaryo viloyatida o‘tkazilgan yig‘ilishda 2018, 2019 va 2020 yilning shu davriga nisbatan ichimlik suvi uchun ajratilgan 23 mlrd so‘m mablag‘ samarasiz sarflangani ma’lum qilindi, deya xabar berdi NasafNews nashri.

Hisob palatasi raisining o‘rinbosari Saidlaziz Saidkarimovning aytishicha, buning oqibatida 10 ta hududga haligacha ichimlik suvi yetib bormagan.

Aniqlanishicha, eng ko‘p 7,2 mlrd so‘m mablag‘ Shahrisabz tumanidagi VU-2 ishlab chiqarish inshootini bino va inshootlarini rekonstruksiya qilish ob’ekti uchun ajratilgan. Shuningdek, viloyatning Nishon, Kasbi, Koson, Muborak tumanlariga ham ajratilgan mablag‘lardan unumli foydalanilmagan. Shu sabab ushbu hududlarda aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha muammolar ochiqligicha qolmoqda.

Eslatib o‘tamiz, prezident Qashqadaryoga tashrifi davomida viloyat aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlash masalasini ham tanqid qilgan edi.

Davlat rahbari bu boradagi muammolarga to‘xtalib, G‘uzor tumani aholisi atigi 2 foiz ichimlik suvi bilan ta’minlanganini aytgandi.

«Aholining ichimlik suvi ta’minoti viloyat bo‘yicha 50 foizni, xususan, Kosonda 26, Dehqonobodda esa atigi 4 foizni tashkil qiladi. Quvurlarning 60 foizi ta’mirtalab bo‘lib qolgan. Qarshi shahrining kanalizatsiya tizimi ham eskirgan» — deya mas’ullarga yuzlangan edi prezident Shavkat Mirziyoyev.