Vazirlar Mahkamasining yetim bolalar va ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, yetim bolalar va ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar barcha ta’lim muassasalari, shu jumladan, OTMlarda ta’lim-tarbiya oladigan muddatda to‘liq davlat ta’minotida bo‘ladi.

Ta’lim muassasalarida o‘quvchilarning shaxsiy xarajatlari uchun har oyda BHMning 2 baravari miqdorida (446 ming so‘m) pul mablag‘lari to‘lanadi.

To‘liq davlat ta’minoti o‘z ichiga:

  • pul nafaqalari;
  • oziq-ovqat mahsulotlari;
  • kiyim-bosh, poyabzal va boshqa buyumlar;
  • transport kartochkalarini oladi.

Davlat ta’minotida bo‘lgan bolalarga ta’lim muassasasini bitirayotganda, ishga qabul qilinayotganda kiyim-bosh, poyabzal va boshqa buyumlar sotib olish uchun BHMning 100 baravari (22 mln 300 ming so‘m), yo‘l xarajatlari uchun BHMning 5 baravari (1 mln 115 ming so‘m) miqdorida bitiruv nafaqasi beriladi.