24 noyabr kuni Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlari kesilishining oldini olish bo‘yicha moratoriy davrida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

«Gazeta.uz» muxbirining xabar berishicha, qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Narzulla Oblomuradov moratoriy mobaynida tabiatga 9 mlrd 787 mln 200 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilganini qayd etgan.

«Moratoriy e’lon qilingach, 20 noyabr holatiga ekologik tadbirlar natijasida 3897 ta qonunbuzarlik aniqlangan. Ularda 4 mlrd 316 mln so‘mdan ortiq jarima belgilangan. Shundan 2 mlrd 757 mln 400 ming so‘m undirildi. Mazkur holatlar yuzasidan tabiatga yetkazilgan zarar miqdori — 9 mlrd 787 mln 200 ming so‘mni tashkil etgan va shundan, 2 mlrd 942 mln 400 ming so‘mi undirildi», — deya ta’kidladi Narzulla Oblomuradov.

Ta’kidlanishicha, tabiatga yetkazilgan zararni undirish maqsadida 338 ta holat bo‘yicha [6 mlrd 913 mln 100 ming so‘m] to‘plangan hujjatlar sud, prokuratura, MIB, IIBga kiritilgan. 17 ta holat bo‘yicha qonunbuzarlik sodir etgan shaxslarga jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Huquqbuzarlardan 121 ta aslahalar ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.

Aniqlangan huquqbuzarliklar natijasida jami 2298 m³ buta, 7854 tup daraxt, shundan, 3307 dona qimmatli va 4547 dona kam qimmatli daraxtlar noqonuniy ravishda kesilgan. Huquqbuzarliklarning 167 tasi mansabdor shaxslar tomonidan sodir etilgan. Xususan, Sirdaryo tumani hokimining o‘rinbosari 11,7 mln so‘m hamda Yakkasaroy tumanida «Vuildinig and Supplies» qurilish korxonasi tomonidan 81 tup daraxtlar kesilganligi natijasida 630,4 mln so‘m miqdorida tabiatga zarar yetkazilgan.

Anjumanda qayd etilishicha, moratoriy davrida jismoniy va yuridik shaxslardan jami 4018 ta murojaat kelib tushgan. Ularda 188 943 tup davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarning kesilishiga ruxsat so‘ralgan. Qo‘mita vakili jami 134 232 tup (71 foiz) daraxt va butalarning kesilishiga, shundan 65 105 tup sharq chinori, eman, qrim qarag‘ayi, chinorsimon zarang, eldor qarag‘ayi, kashtan, shumtol, turang‘il va boshqa 20 turdan ortiq qimmatbaho daraxt va butalarning kesilishiga rad javobi berilganini aytdi.

Eslatib o‘tamiz, oktyabr oyida Ekologiya qo‘mitasi yanvardan sentyabrgacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat bo‘yicha inspeksiyasi tomonidan 37543 ta qoidabuzarlik aniqlangani, tabiatga yetkazilgan zarar hajmi 15 mlrd so‘mdan ortiq deb baholanayotgani haqida xabar qilgan edi. Shuningdek, 22 holatda jinoyatchilarga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.