Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati “Gazeta.uz"ga ma’lum qilishicha, daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarini kesilishiga joriy qilingan moratoriy muddatini 2021-yil 31-dekabrga qadar uzaytirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritilgan.

Qo‘mita vakilining ta’kidlashicha, daraxt kesilishiga eng katta ta’sir qurilish ob’ektlarida uchramoqda. “Qurilish borki, hech bo‘lmaganda bitta daraxt kesilish holati uchraydi. Moratoriyni uzaytirish bilan birga, qurilish ob’ektlariga tavsiyalar va talablar qo‘yilishi rejalashtirilgan”, — dedi qo‘mita axborot xizmati rahbari Bunyod Abdullayev.

U shuningdek, moratoriy davrida nafaqat daraxtlarni kesishni cheklash, balki, ularni sog‘lomlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish ko‘zlanganini qayd etdi. Ma’lum bo‘lishicha, shu yili Bobur parki hududida dronlar yordamida zararkunanda hashorotlarga qarshi trixogramma urug‘i sepilgan, qolaversa, kimyoviy stimulyator vositalari orqali chirish arafasidagi daraxtlarni sog‘lomlashtirish bo‘yicha tajribalar ham o‘tkazilgan.

Prezidentning 2019-yildagi 30-oktabrdagi [PF-5863-son] farmoni bilan davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga 2019-yil 1-noyabrdan 2020-yil 31-dekabrga qadar moratoriy joriy etilgan edi. Ushbu hujjat bilan moratoriy amal qilish davrida vakolatli davlat organlariga daraxt va butalar qimmatbaho navlari kesilishiga ruxsat berishi man etilgan edi.

Moratoriy amal qilish muddati tugamasdan, daraxtlarni noqonuniy kesish bilan bog‘liq bir qancha holatlar qayd etilgan edi. May oyida Surxondaryoda fuqaro avtoservis qurish maqsadida 35 tup qarag‘ay daraxtini kesgani uchun 165,5 mln so‘m miqdorida jarimaga tortilgan. Iyulga kelib, Davlat ekologiya qo‘mitasi Toshkent markazida ko‘p yillik chinorlar noqonuniy ravishda kallaklab tashlanganini tasdiqlangandi. Voqea joyiga poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev ham tashrif buyurib, muammoni sud orqali hal etish lozimligi va kim nohaq bo‘lsa, o‘sha qonun oldida javob berishi kerakligini ta’kidlagan edi. Iyul oyida shu kabi holat, Nurafshonda ham kuzatildi. Unda yo‘l chetidagi 37 tup daraxt, shundan 26 tup ko‘p yillik chinorlar kesib tashlangani va zarar 1,1 mlrd so‘mni tashkil etgani aniqlangan.

Shu kunlarda “Turkiston” saroyi atrofidagi daraxtlarga belgi qo‘yilgani va ular kesilishi mumkinligi haqidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda keng муҳокamalар ga sabab bo‘lgan edi. Davlat ekologiya qo‘mitasi belgi qo‘yilgan daraxtlar imkon qadar kesilmasligini, o‘simlik zararkunandalari va tabiiy omillar ta’sirida zararlangani, turli kommunikatsiyalarga tahdid solayotgan daraxtlarga maxsus belgi qo‘yilganini ma’lum qilgan edi.