Xitoy «Chanchjen-5» eltuvchi raketasi orqali avtomatik tarzda Yerga qaytadigan tuproq yig‘uvchi apparatini muvaffaqiyatli tarzda kosmosga uchirdi, deya xabar berdi TASS. Xitoy Oydan tuproq olib kelish missiyasini yuborgan uchinchi mamlakatga aylandi. Bungacha faqat AQSH va Sobiq Ittifoq ushbu vazifani bajarishgan.

«Chan’e-5» deb nomlanuvchi o‘zi qaytadigan uskuna reja bo‘yicha uch haftadan so‘ng Yerga Oy tuprog‘ini olib kelishi kerak. Bunda uskuna 8 kundan so‘ng Oyga qo‘nadi va kavlash ishlarini boshlaydi. Olib kelinishi rejalashtirilgan tuproq hajmi 2 kgga teng. Tuproq ilmiy o‘rganish va tadqiqot qilish maqsadida olib kelinadi.

«Chanchjen-5» (CZ-5) raketasi mahalliy vaqt bilan soat 4:30 da uchirildi. Agar topshiriq muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, Xitoy so‘nggi 44 yil ichida Oy sathidan geologik namunalarni tashish loyihasini amalga oshirgan birinchi mamlakat bo‘ladi.

«Chan’e-5» apparati og‘irligi 8,2 tonnani tashkil etadi va oyga qo‘nish, uning yuzasidan uchish, orbitada namunalar joylashtirilgan konteynerlarni joylashtirish va qayta yuklash, shuningdek, Yerga qaytish uchun mo‘ljallangan to‘rtta moduldan iborat. Missiya dastlab 2017 yilga rejalashtirilgan edi, keyin u 2019 yil oxiriga, keyin esa noyabrga qoldirildi.