2021 yildan barcha elektr energiyasi iste’molchilariga elektr energiyasini yetkazib berish faqat oldindan to‘lov asosida amalga oshirilishi taklif etildi. To‘lovni amalga oshirmagan iste’molchilarga nisbatan elektr tarmoqlaridan to‘liq uzish chorasi ko‘riladi. Bu haqida hukumat qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Alohida xavfli hamda elektr energiyasining uzib qo‘yilishi texnogen va avariyali oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan, uzluksiz texnologik jarayonga ega bo‘lgan sanoat korxonalarida qarzdorlik vujudga kelgan taqdirda haq to‘lanmaganligi uchun elektr energiyasi yetkazib berilishini cheklash belgilangan tartibda elektr ta’minotining avariya bronigacha, to‘liq uzib qo‘yish esa — faqat sud qaroriga ko‘ra amalga oshirilishi mumkin.

Qaror loyihasi muhokamasi 03.11.2020 gacha davom etadi.

Bundan avval, elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlarning asosiy sababi — havo haroratining sovib ketishi yoki isib ketishi natijasida elektr energiyasi iste’molining keskin ortishi tufayli yuzaga kelgani haqida Energetika vazirligi xabar bergan edi.