Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentning Shayxontohur tumanidagi «Eski juva» dehqon bozori oldida Milliy gvardiya xodimlari bir fuqaroning qo‘lini qayirib, olib ketayotgani aks etgan videotasvir tarqaldi. Milliy gvardiya Toshkent shahar boshqarmasi mazkur holat yuzasidan munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, voqea 22 noyabr kuni pirotexnika oldi-cotdisi bilan bog‘liq nizo sababli yuzaga kelgan. Milliy gvardiya harbiy xizmatchilariga fuqaro murojaat qilib, ushbu bozor hududida pirotexnika vositasi sotib olish uchun sotuvchiga 260 ming so‘m pul bergani, lekin sotuvchi kelishilgan mahsulotlarni bermasdan, qochib ketgani haqida shikoyat qilgan.

«Ushbu holatni kuzatib turgan bir guruh shaxslar murojaat etgan fuqaroga nisbatan shu joyning o‘zida hakoratli so‘zlar ishlatib, o‘zlarining bu kabi xatti-harakatlari bilan pirotexnika vositasi sotuvchisi tarafdorlari ekanini ayon qilishgan», — deyiladi boshqarma xabarida.

Ta’kidlanishicha, harbiy xizmatchilar birinchi bo‘lib qo‘l ko‘targan fuqaroga nisbatan kuch ishlatishga majbur bo‘lishgan va o‘rnatilgan tartibda IIO tayanch punktiga olib borishgan.

O‘tkazilgan surishtiruv natijasida ushbu fuqaro Toshkent shahar Olmazor tumanida yashovchi U. Ibragimov ekani aniqlangan. Hozirda holat yuzasidan surishtiruv ishlari davom etmoqda.