Joriy yilning 20 noyabr kuni 42 yoshli erkak tomonidan rashk tufayli sodir etilgan jinoyat to‘g‘risida xabar bergan yedik. Ushbu jinoyat videosi noqonuniy tarqatilgan va ularni tasvirga olib tarqatganlarga nisbatan qonuniy chora ko‘rildi, deb xabar bermoqda Samarqand viloyati IIB axborot xizmati.

Xabarda keltirilishicha vahshiylik aks etgan ushbu videolavhalar 3 nafar fuqaro tomonidan tasvirga olinib, tarqatilgan. Ushbu shaxslarga nisbatan tegishli tartibda ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, profilaktik tushuntirish ishlari olib borilgan. Samarqand shahar ma’muriy ishlar bo‘yicha sudi tomonidan ushbu shaxslarga nisbatan ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi barcha OAV xodimlari, blogerlar va fuqarolarning axborotni olish, undan foydalanish va tarqatish huquqlari mavjudligini eslatib o‘tdi. Bunday harakatlar faqat qonun doirasida amalga oshirilishi lozim.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda 189−1 va Jinoyat kodeksida 130−1-moddalar mavjud bo‘lib, «zo‘ravonlikni yoki shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish uchun javobgarlik belgilangan», — deyilgan IIB bayonotida.