Prezidentning tegishli қарорига muvofiq, O‘zgidromet huzuridagi «Meteoinfosistem» axborot-texnik boshqarmasi negizida «Gidrometeorologiyada axborot texnologiyalarini rivojlantirish markazi» davlat muassasasi [Meteoinfokom] tashkil etilmoqda.

Qolaversa, hujjat bilan mazkur sohada faoliyat yurituvchi rahbar-xodimlarning oylik maoshini oshirish va unga ustama haq to‘lash bo‘yicha tartiblar qabul qilindi.

2021 yil 1 yanvardan O‘zgidromet va Meteoinfokom xodimlarining lavozim maoshlarini hisoblashda Yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razryadlari uchun belgilangan tarif koeffitsiyenti ikki baravar oshirilgan holda qo‘llaniladi.

Shuningdek, O‘zgidromet va Meteoinfokom xodimlariga sohada uzoq muddat xizmat qilgani uchun quyidagi miqdorda oylik ustama haq to‘lanadi [belgilangan ustamalarni hisobga olgan holda lavozim maoshiga nisbatan koeffitsiyentlarda]:

2 yildan 5 yilgacha — 0,2; 5 yildan 10 yilgacha — 0,3; 10 yildan 15 yilgacha — 0,4; 15 yildan 20 yilgacha — 0,5; 20 yildan 25 yilgacha — 0,6; 25 yildan ortiq — 0,7.

Bunda, oylik ustama haq olish huquqini beradigan mehnat stajini hisoblashda O‘zgidromet va uning tizim tashkilotlaridagi ish staji inobatga olinadi.

Avvalroq «Gazeta.uz» O‘zgidromet faoliyatini takomillashtirishga oid birorta hujjat qabul qilinmagani, natijada tizimda darhol hal etilishi zarur bo‘lgan ayrim muammolar vujudga kelayotgani haqida yozgan edi. Unda O‘zgidromet xodimlarining o‘rtacha ish haqi 1,3 mln so‘m, hududiy boshqarmalarda 1,2 mln so‘m, tuman va shaharlardagi kuzatuv bo‘linmalarda 800 ming so‘mni tashkil etishi aytilgandi.

Mazkur muammo yuzasidan noyabr oyi boshida davlat rahbari gidrometeorologiya xizmati faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. «Gidrometeorologiya xavfsizligimizni ta’minlaydigan muhim sohalardan biri. Bugun eng asosiy vazifa — tizimda xizmat sifatini o‘zgartirish kerak», — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.