Prezident Shavkat Mirziyoyev 23 noyabr kuni Toshkent shahrida yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirishga oid konsepsiya taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar qildi davlat rahbarining matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, Toshkent shahrida jamoat transportini yaxshilash masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Davlat rahbari yo‘lovchi tashish xizmatlaridan aholi mutlaqo norozi ekanini ta’kidladi. Masalan, 79 ta yo‘nalishdagi avtobuslar intervali tig‘iz paytlarda 30 minutgacha kechikmoqda. Oqibatda odamlar boshqa transport vositalaridan foydalanishni afzal bilmoqda. Bugungi kunda shahar jamoat transportida bor-yo‘g‘i 33 foiz yo‘lovchi yurmoqda. Rivojlangan mamlakatlar poytaxtida bu ko‘rsatkich 60−70 foizni tashkil etadi.

Shu bois mavjud infratuzilmani yaxshilab, jamoat transporti harakatining tezligi va aholi uchun qulayligini ta’minlash vazifa qilib qo‘yildi.

Davlat rahbari jamoat transporti tizimida yangi boshqaruv uslubini joriy etish, metropoliten, avtosaroylar va yo‘nalishli taksi korxonalarini bir-biriga bog‘lash, axborot texnologiyalari asosida ularning o‘zaro integratsiyasini ta’minlash kerakligini ta’kidladi.


Buning uchun metropolitenni boshqarish hamda «Toshshahartransxizmat» aksiyadorlik jamiyatining buyurtmachi va nazorat funksiyalari shahar transport boshqarmasiga o‘tkaziladi. Moliyalashtirish ham boshqarma tomonidan amalga oshirilib, transport korxonalariga haqiqiy bajarilgan ish hajmi, bosib o‘tilgan masofaga qarab mablag‘ ajratiladi.

Mutasaddilarga Toshkent shahar jamoat transportini yagona tizim asosida tartibga solish, moliyalashtirish va tabaqalashgan tariflarni belgilash bo‘yicha vazifalar qo‘yildi.

Tirbandlik kuzatilayotgan ko‘p qatorli yo‘llarning bir qismini jamoat transporti uchun ajratish, markaziy ko‘chalarda parkomatlar tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Shu bilan birga, piyodalar va velosipedlar yo‘lakchalarini ko‘paytirish muhimligi qayd etildi.

«Toshshahartransxizmat» jamiyatini to‘liq transformatsiya qilish, Transport universiteti faoliyatini takomillashtirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Jamoat transporti tizimining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash masalasiga ham e’tibor qaratildi.

Toshkentdagi tajriba asosida boshqa shaharlarda ham yo‘l-transport tizimini qayta ko‘rib chiqib, markaziy ko‘chalarni namunaviy tarzda o‘zgartirish, xususan, Samarqandda jamoat transportini optimallashtirish, aholi va turistlar uchun qulay sharoit yaratish vazifasi qo‘yildi.