Avvalroq, keskin sovuq tushganiga qaramay, Andijondagi 43-maktab o‘quvchilari targ‘ibot tadbiri doirasida yupun kiyimlarda bayroq ko‘tarishga chiqarilgani haqida xabar bergan edik. Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi vaziyatni o‘rganib, rasmiy munosabat bildirdi. Unda maktab direktori v.b. D.Nasirdinov va uning o‘rinbosari S.Ismanova ishdan olingani aytilmoqda.

Munosabatda aytilishicha, 19 noyabr kuni Andijon shahridagi 43-umumta’lim maktabiga «Yangi O‘zbekiston — Yangicha dunyoqarash» shiori ostida ziyolilar, san’at, fan-madaniyat hodimlari hamda faol nuroniylardan iborat targ‘ibot guruhi tashrif buyurgan.

«Targ‘ibot guruhi vakillari tashrifidan xabardor bo‘lgan o‘quvchilar (soat 11:25da) ularni kuzatish maqsadida yo‘lakka chiqishgan. O‘tkazilayotgan tadbirning fotoalbomini yaratish maqsadida mahalla faollari va maktab ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari ularni rasmga olgan. Ishchi guruh rasmdagi bolalar bilan qilgan suhbatida mana shu suratga olish vaqtida 2−3 daqiqa tashqarida qolishganligi, so‘ng ustozlari tomonidan tanaffus vaqti tugamasdan (soat 11:35gacha) ularni sinf xonalariga kirishlari so‘ralganligi ta’kidlandi» deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, ishchi guruhning rasmdagi o‘quvchilar va ota-onalar bilan suhbat qilgani, farzandlarining uzoq vaqt tashqarida qolib ketmagani sababli e’tirozlari yo‘q ekani aytilmoqda.

«Yakuniy xulosaga ko‘ra: Har bir o‘quvchining maktabdagi vaqtidagi salomatligi va xavfsizligiga keng jamoatchilik vakillari, bloggerlardan ham ko‘proq ta’lim sohasi vakillari jon kuydirishlari zarur ekanligini hisobga olib 43-umumta’lim maktabi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchisi (D.Nasirdinov), maktabning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari (S.Ismanova)lar egallab turgan lavozimidan ozod etildi», — deya ta’kidlangan xabarda.

Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasi barcha tizimda faoliyat olib borayotgan rahbarlar, o‘qituvchilar va hodimlardan maktabdagi o‘quvchilarning har biriga o‘z farzandidek dahldorlik tuyg‘usida yondoshishini, ularning sog‘liklari va xavfsizliklariga ta’sir ko‘rsatuvchi mana shunday holatlarga yo‘l qo‘ymasliklarini so‘rab qolgan.

Bola huquqlari bo‘yicha ombudsman Aliya Yunusova ushbu holat yuzasidan «Gazeta.uz»ga o‘z fikrini bildirdi: «Bolalar salomatligini xavf ostiga qo‘yish mumkin emas. Keyinchalik ham shunaqa tadbirlarga bolalarni jalb qilishlariga mutlaqo qarshiman. Mas’ul rahbarlar shunga o‘xshash «hurmat ko‘rsatish» va bolalardan foydalanib boshqalarni qarshi olish tajribasidan voz kechishlari kerak. Bayramni bolalar bilan birga qilish kerak. Biz bolalarni to‘g‘ri narsalarga o‘rgatishimiz kerak».

Aliya Yunusova Andijondagi maktab direktori va uning o‘rinbosariga nisbatan ko‘rilgan choralar to‘g‘ri ekanligini, va boshqalarga dars bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

Bunga qadar, Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga vazir Sherzod Shermatov ilgari barcha maktab direktorlari va hududiy xalq ta’limi bo‘limlari rahbarlarini bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida qat’iy ogohlantirganini ma’lum qilgandi. «Bunga yo‘l qo‘yish yoki kim bilandir shu tarzda uchrashish taqiqlanadi. Vazir bu haqda qat’iy ogohlantirgan», — deb ta’kidlanadi vazirlik xabarida.