O‘zbekistonda tadbirkorlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini yaratish maqsadida ayrim bojxona imtiyozlari bekor bo‘lishi natijasida 3 trln so‘mga [Markaziy bankning 23 noyabrdagi kursiga muvofiq, $288 mln] yaqin qo‘shimcha davlat byudjetiga mablag‘lar undirildi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi raisi Murodjon Azimov ma’lum qildi.

«Yog‘och va undan tayyorlangan buyumlar hisobiga — 700 mlrd so‘mga yaqin, don mahsulotlari — 320 mlrd so‘m, avtotransport vositalari ishlab chiqarishda foydalaniladigan butlovchi buyumlar — 1,5 tlrn so‘mga yaqin, qishloq xo‘jaligi texnikasini ishlab chiqarish uchun olib kelinadigan texnologik uskunalar, jihozlar, butlovchi buyumlar va materiallar — 50 mlrd so‘m, uglevodorod xom ashyosi — 330 mlrd so‘m, oziq-ovqat mahsulotlari — 137 mlrd so‘m, yuk avtotransport vositalari — 230 mlrd so‘mga yaqin mablag‘lar qo‘shimcha undirildi», — dedi Murodjon Azimov.

Qo‘mita raisi bundan uch yil oldin informatsion inspeksion ko‘rik majmualari to‘liq ishlamaganini qayd etdi.

«Mana shularni ishlatib, O‘zbekiston hududidan o‘tadigan har bitta yuk mashinasi, vagon, konteyner, samolyot orqali keladigan yuklar ham inspeksion ko‘rikdan o‘tayapti. Bundan tashqari, tizimda ilg‘or axborot texnologiyalari joriy qilinib, „xavfni boshqarish“ tizimi, bojxona qiymatini aniqlash moduli yaratilgani, inson omili cheklangani ham, albatta, bojxona to‘lovlari undirilishiga o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatdi», — dedi Azimov.



Murodjon Azimov. Foto: Shuxrat Latipov / «Gazeta.uz».

Bundan tashqari, u so‘nggi ikki-uch yilda respublikada faoliyat ko‘rsatgan 10 dan ortiq uyushgan jinoiy guruhlar bevosita yukni o‘tkazish va almashtirish, bojxona qiymatini kamaytirish bilan shug‘ullangani va ularning faoliyati fosh etilishi bilan bojxona yig‘imlari oshganini ta’kidladi.

Murodjon Azimov, shuningdek, bojxona yig‘imlari undirish natijasida davlat byudjetiga 2018 yilda 11 tlrn so‘m, 2019 yilda 17 trln so‘m o‘tkazilgani haqida gapirdi. Bu yil esa 24 trln so‘mdan ortiq mablag‘ o‘tkazish rejalashtirilganini ma’lum qildi.

Qayd etish joizki, O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi yanvar-sentyabr oylarida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 12,4 foizga qamaydi va 30 mlrd so‘mdan oshdi. Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumотларига ko‘ra, import 16 foizga, eksport 7,4 foizga tushib ketgan. Shunga qaramasdan, bojxona yig‘imlari 5,6 tlrn so‘mni [47 foizga oshgan] tashkil etgan. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Doniyor G‘aniyev nimaning hisobiga bunday natijaga erishilgani bilan qiziqdi.

«Bu albatta ijobiy natija, byudjet uchun muhim. Bu nimani hisobiga oshdi degan savol tug‘iladi: „Chunki shubha tug‘iladi, oldin yo juda katta korrupsiya bo‘lgan yoki juda ko‘plab korxonalarga biz imtiyozlar berganmiz“. Ya’ni, avvallari iqtisodiy faoliyat bundan baland bo‘lgan taqdirda ham bojxona yig‘imlarini undirish imkoniyati bo‘lgan, lekin undirmaganmiz. Nimaning hisobiga 5,6 trln so‘m yig‘imlar undirilgan? Qaysi sohalar, qaysi korxonalarga berilgan imtiyozlar bekor qilingan yoki soliqlar ulardan undirilgan?» — deya savol bilan murojaat qildi deputat.