AQSH yakshanba kuni rasmiy ravishda 30 dan ortiq davlat ishtirok etadigan Ochiq osmon shartnomasidan chiqdi, deya xabar berdi Euronews.

AQSH prezidenti Donald Tramp 21 may kuni mamlakatning shartnomadan chiqishi haqida e’lon qilgandi. AQSH Davlat departamenti o‘z bayonotida: «Olti oy o‘tdi, AQSHning chiqib ketishi 2020 yil 22 noyabridan kuchga kiradi», — deya ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, Vashington Rossiyani shartnomani buzgan holda Kaliningrad viloyati, Gruziya chegarasi yaqinida va yirik harbiy mashg‘ulotlar o‘tkaziladigan hududlarda parvozlarni taqiqlashda, va shuningdek, AQSH infratuzilmasi haqidagi ma’lumotlarni to‘plashda «shartnoma talablarini suiste’mol qilganlikda» ayblagan.

Shartnoma 1992 yilda imzolangan va ishtirokchilarga qo‘shinlarning joylashuvi va harakatlanishini kuzatib, bir-birlarining hududlari bo‘ylab uchib o‘tishga imkon beradi va shu bilan qurollarni cheklash to‘g‘risidagi boshqa shartnomalarning bajarilishini nazorat qiladi. Ushbu parvozlar natijasida olingan ma’lumotlar kelishuvning barcha tomonlari uchun ochiq bo‘ladi.

Bir necha kun oldin Rossiya Tashqi ishlar vazirligi kelishuvda qolgan mamlakatlar Vashington bilan ma’lumot almashishni to‘xtatishi va shu bilan birga Yevropa mamlakatlaridagi Amerika harbiy bazalari kelishuvdan istisno bo‘lib qolmasligiga umid bildirdi.