Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev «Kun.uz»ga bergan intervyusida O‘zbekistonda hozirgi havo haroratining keskin pasayishi oqibatida ko‘pgina hududlarda elektr energiya uzilishlari va gaz yetishmovchiliklari kuzatilayotgani bo‘yicha munosabat bildirdi.

Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, gaz va elektr energiyasi yetishmovchiligi iste’mol hajmining keskin ortishi sababli yuzaga kelmoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, avvalari vaziyat bundan-da og‘ir bo‘lgan, lekin odamlarda hozirgidek murojaat qilishning keng imkoniyatlari bo‘lmagan. Ya’ni, murojaatlarning ko‘pligi muammoning keskin ko‘payganidan emas, iste’molchilarning bu boradagi huquqiy ongi o‘sayotganidan dalolat bermoqda.

Bundan tashqari, Sherzod Xo‘jayev hozirda ko‘pchilik mansabdorlarga nisbatan «kabinetdan chiqmasligi va mavjud vaziyatni to‘liq o‘rganmasligi» bo‘yicha ayblovlarning asossiz ekanligini va ularning asosiy vaqti joylarda, ishlab chiqarish ob’ektlarida o‘tishini ta’kidladi.

«Elektr energiyasi shunday mahsulotki, uni saqlab bo‘lmaydi. Ishlab chiqarildimi, darhol iste’mol qilinishi kerak. Ya’ni, biz uni qayerdadir yashirib saqlab qo‘ya olmaymiz. Jaydari til bilan aytganda, „svet“ o‘chganda ko‘pchilik hududiy elektr tarmoqlari operatorini so‘kadi. Ammo ularda ayb yo‘q, aslida yo‘q narsani ular topib bera olishmaydi. Sovuq kunlarda iste’mol karrasiga oshadi, bizning aksariyat uylarimiz, binolarimizda isitish qoloq darajada. Hamma elektr isitkichlarni yoqadi, yuklama keskin ortadi. Bu esa tizimning dosh bera olmasligiga olib keladi», — dedi energetika vaziri o‘rinbosari.

Bundan avvalroq Energetika vazirligi matbuot xizmati elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlar asosan havo haroratining sovib ketishi yoki isib ketishi natijasida elektr energiyasi iste’molining keskin ortishi tufayli yuzaga kelganini ma’lum qilgan edi.