Jinoyat kodeksiga mansabdor shaxs tomonidan noqonuniy tarzda boylik orttirganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilash taklif etildi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi matburot xizmati xabar bermoqda.

Xabarda keltirilishicha, 21 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashining 2-yig‘ilishida Korrupsiyaga qarshi kurashish xalqaro standartlarini qonunchilikka implementatsiya qilishni davom ettirish bo‘yicha yo‘l xaritasi loyihasi ham muhokama qilindi.

Loyihada korrupsiya xavf-xatariga eng ko‘p duch keladigan davlat xizmatchilarining faoliyat sohalari va lavozimlari ro‘yxatini shakllantish, xorijiy davlat mansabdor shaxslariga va xalqaro tashkilotlarining vakillariga pora berganlik uchun jinoiy javobgarlikni belgilash, korrupsiya holatlari to‘g‘risida anonim xabar yo‘llash va ularni ko‘rib chiqish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, Jinoyat kodeksiga mansabdor shaxs tomonidan noqonuniy tarzda boylik orttirganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilash, Xalqaro tashkilotlar tomonidan ajratilgan qarzlar va moliyaviy yordamlar sarfining oshkoraligini ta’minlash uchun ochiq ma’lumotlar bazasini shakllantirish masalalari ham o‘rin olgan.

Davletov.uz Telegram kanalida ushbu xabarga munosabat bildirdi.

«Bu BMTning Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi konvensiyasi 20-moddasi (noqonuniy boylik orttirish)da aks etgan. Unga ko‘ra, amaldorning xarajati daromadiga munosib bo‘lishi lozim. Ya’ni chinovnik dang‘illama uyi, chet elda dam olishi yoki to‘layotgan krediti summasi va boshqa daromadlarining kelib chiqishini isbotlay olmasa, demak, o‘z-o‘zidan korrupsiya sifatida baholanishi kerak. Oyligi 7−8 million so‘m, lekin 150−750 ming dollarlik hashamatli uylarda yashaydigan amaldorlar ancha tipirchilab qolar edi», — deyiladi izohda.

Shuningdek, moliyalashtirishning markazlashtirilgan manbalari hisobiga amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarini majburiy ravishda korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish tartibini joriy qilish bo‘yicha ishlarni jadallashtirish lozimligi qayd etildi.