22 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Andijon shahridagi 43-maktab o‘quvchilarining sovuqda ikki qator bo‘lib yupun kiyimlarda bayroq ko‘tarib mahalliy amaldorlarni kutib olayotgani aks etgan fotosurat tarqaldi.

Fotosuratda erimagan qor hamda palto kiygan erkak va ayolni ko‘rish mumkin. Bloger Nozim Safarovning yozishicha, bolalar sovuq havo bo‘lishiga qaramay, tashviqot tadbirlari doirasida ko‘chaga olib chiqilgan.

«Ko‘cha juda sovuq. Endi tasavvur qiling shu izg‘irinda kurtkasiz, yosh bolaga qanchalik sovuq. Shu targ‘ibotingizni issiqroq kunlarga qoldirsangiz bo‘lardi. Odamni qadri bo‘lmasa ham bolalarni qadrlaylik», — deb yozdi bloger.

O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga vazir Sherzod Shermatov ilgari barcha maktab direktorlari va hududiy xalq ta’limi bo‘limlari rahbarlarini bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida qat’iy ogohlantirganini ma’lum qildi.

«Bunga yo‘l qo‘yish yoki kim bilandir shu tarzda uchrashish taqiqlanadi. Vazir bu haqda qat’iy ogohlantirgan», —deb ta’kidlanadi vazirlik xabarida.

Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasi vaziyatni o‘rganish uchun ishchi guruh tuzilganligini e’lon qildi.