21 noyabr soat 19:16 larda Toshkent viloyati Qibray tumani Guliston-3 ko‘chasi 15-uyda gaz-havo aralashmasining chaqnashi sodir bo‘ldi, deya xabar qildi FVV matbuot xizmati.

Chaqnash oqibatida uyning bir qismi qulab tushdi, qolgan qismining devorlari va shifti hosil bo‘lgan kinetik zarba natijasida deformatsiyaga uchragan.

FVV tomonidan olib borilgan qidiruv-qutqaruv ishlari vaqtida uy vayronalari ostidan soat 19:45da uy egasi X.N og‘ir ahvolda olib chiqilib, Toshkent shahar 7-sonli klinik kasalxonasiga yotqazildi, olib borilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan, bemor soat 20:45 da vafot etgan.

Shuningdek, olib borilgan qidiruv-qutqaruv ishlari davomida soat 23:06da uy egasining o‘g‘li A.A. ning jasadi topildi.

Gaz-havo aralashmasining chaqnashi xonadon yonidan o‘tgan yer osti gaz quvuridan tabiiy gaz sizib chiqib, xonadoning yerto‘la qismiga to‘planishi taxmin qilinmoqda.

Voqea joyiga viloyat hokimligi, FVB, IIB, SSB, Prokuratura va boshqa tegishli idoralarning kuch va vositalari jalb etilib, avariya tiklash va surishtiruv ishlari olib borilmoqda.