Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi delegatsiya Vashingtonda O‘zbekiston — Amerika Qo‘shma Shtatlari siyosiy maslahatlashuvlarining sakkizinchi raundida ishtirok etdi. Muzokaralar yakunida Strategik sheriklik muloqotiga aylantirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi, deya xabar berdi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

AQSH delegatsiyasiga Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha Davlat kotibi yordamchisining birinchi o‘rinbosari Din Tompson boshchilik qildi.

O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibidan Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov, Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov, Prezidentning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Laziz Qudratov ham joy olgan, deyiladi xabarda.

Yangi muloqot doirasida O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari siyosat, xavfsizlik, iqtisodiyot sohalarida yaqin hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi. Birinchi muloqotni 2021 yilda Toshkentda o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Ikki tomonlama munosabatlarning hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari hamda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil may oyida AQSHga tashrifi yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishning borishi muhokama qilindi. Ko‘p qirrali O‘zbekiston-AQSH hamkorligini yanada chuqurlashtirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi.

Ikki tomon ham hamkorlikning joriy dinamikasini saqlab qolishga, qo‘shma kun tartibining barcha masalalari bo‘yicha yaqin va muntazam muloqotda bo‘lishga, strategik sheriklikning shartnoma-huquqiy va institutsional asoslarini mustahkamlashga qiziqish bildirdi.

Muzokaralarda AQSH strategik sherikligi va O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tub islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini bildirdi. 2019 yilda AQSHning O‘zbekistonga yordam dasturi deyarli 100 million dollarga o‘sdi, bu esa 2016 yilga nisbatan 10 baravar ko‘pligini anglatadi.

AQSH tomoni Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan, respublika hayotining barcha jabhalarini qamrab oluvchi keng miqyosli islohotlarning natijalariga yuqori baho berdi. Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekistonning inson huquqlarini himoyasini yaxshilash, majburiy mehnatga qarshi kurashish, diniy erkinliklarni kengaytirish bo‘yicha islohotlarni amalga oshirishda muhim yutuqlarni e’tirof etdi va O‘zbekistonning 2021−2023 yillarda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga saylanishini mamnuniyat bilan qabul qildi, deb ma’lum qildi TIV matbuot xizmati.

Siyosiy sohadagi O‘zbekiston-AQSH hamkorligi tizimli va barqaror tus olgani qayd etildi. Xalqaro tashkilotlar va ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi sheriklikning dolzarb masalalari bo‘yicha fikr almashildi.

Koronavirus bilan bog‘liq inqirozining jiddiy iqtisodiy ta’siri qayd etilib, Amerika Qo‘shma Shtatlari global pandemiya oqibatlariga qarshi kurashda O‘zbekistonga yordam berishda qat’iy tasdiqlandi.

Amerika tomoniga BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasida O‘zbekiston rahbari ilgari surgan tashabbuslarning konseptual ahamiyati to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.

«C5+1» shaklining mintaqaviy hamkorlikni ilgari surishda va birgalikdagi ishlarning aniq yo‘nalishlarini belgilab olishda muhim o‘rin tutishi e’tirof etildi. Shu nuqtayi nazardan Markaziy Osiyoning global transport va tranzit koridorlariga chuqur integratiyalashuvini ta’minlash hamda mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiya va energitika sohalaridagi aloqalarni faollashtirish bo‘yicha amaliy choralarni kuchaytirish masalalari alohida ajratib ko‘rsatildi.

Xabarda ma’lum bo‘lishicha, «O‘zbekiston — AQSH — Afg‘oniston» uch tomonlama shakli doirasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. Afg‘onistonni Markaziy Osiyodagi savdo-iqtisodiy va integratsiya jarayonlariga faol jalb etish hamda uning tranzit salohiyatini oshiruvchi investitsiya va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish mazkur mamlakatda mustahkam tinchlik o‘rnatishning muhim yo‘nalishlari sifatida qayd etildi.

Muzokaralar yakunlari bo‘yicha yillik ikki tomonlama maslahatlashuvlar shaklini Strategik sheriklik muloqotiga aylantirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Muloqotning ta’sis yig‘ilishini 2021 yilda Toshkent shahrida o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.