Rossiyada o‘tgan kun davomida 24 822 ta yangi COVID-19 bilan kasallanish holatlari qayd etilib, jami kasallanish holatlari ikki milliondan oshdi. Bu haqda mamlakat Koronavirusga qarshi qurashish operativ shtabi ma’lumotlariga asoslanib Meduza xabar bermoqda.

Bu bilan kasallanish holatlarining kunlik o‘sishida yana bir rekord o‘rnatildi. Bir kun oldin 24 318 ta yangi koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Umuman olganda, Rossiyada koronavirus tarqalishi boshlanganidan beri COVID-19 ning 2 064 748 ta holat qayd etilgan.

Yangi holatlarining aksariyati Moskvada aniqlandi, u yerda kunlik maksimal o‘sish qayd etildi — 7168 kishi. Sankt-Peterburg ikkinchi o‘rinda — kuniga 2476 ta COVID-19 ga chalinish holatlari aniqlanmoqda va bu ham pandemiya boshlanganidan beri maskimal ko‘rsatkich hisoblanadi.

O‘tgan kun davomida koronavirus tasdiqlangan 467 kishi vafot etdi. Bu borada ham rekord yangilandi. Avvalgi rekord 19 noyabrda bo‘lgan — kuniga 463 o‘lim. Pandemiya boshlanganidan beri, koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha federal tezkor shtabning hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiyada 35 mingdan ortiq kishi koronavirusdan vafot etdi.

Koronavirus infeksiyasi aniqlangan jami 1 577 435 kishi, shu jumladan, o‘tgan kun davomida 26 021 kishi shifo topdi.