21 noyabr kuni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Turkistonga tashrif buyurib, Qozog‘iston bosh vaziri Asqar Mamin bilan muzokaralar o‘tkazdi. Delegatsiya tarkibida Vazirlar Mahkamasi a’zolari va boshqa rasmiylar ham o‘rin oldi.

Qozog‘iston hukumati matbuot xizmatining xabar qilganidek, bosh vazirlar savdo-iqtisodiy, investitsiya, qishloq xo‘jaligi, suv-energetika, transport va logistika, bojxona sohasidagi hamkorlik, shuningdek, sanoat kooperatsiyasi va mintaqalararo o‘zaro aloqalarning dolzarb masalalarini muhokama qildilar.

2020−2022 yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasini amalga oshirishga, mintaqaviy tovarlarni tarqatish tizimini, chegarada Xalqaro savdo-iqtisodiy hamkorlik markazini yaratish, chegara bojxona postlarini modernizatsiya qilish va boshqalarga alohida e’tibor qaratiladi.

2019 yil yakunlari bo‘yicha ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 21,2 foizga o‘sib, 4,5 milliard AQSH dollarini tashkil etdi. Tomonlar savdoni 10 milliard dollarga yetkazish rejalashtirmoqda.

Hukumat rahbarlari Turkistonda “Turkistan Textile” to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha o‘zbek-qozoq qo‘shma korxonasining ochilish marosimida qatnashdilar. Tikuvchilik fabrikasi Turkiston sanoat zonasida 2 gektar maydonda joylashgan. Investitsiyalar hajmi 700 million tengeni tashkil etdi. Korxonada ayollar uchun, shu jumladan, alohida ehtiyojli ayollar uchun 1000 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Asqar Mamin Abdulla Aripovni Turkistonning yangi ijtimoiy, sport, transport va sayyohlik infratuzilmalari — xalqaro aeroport, kongresslar zali, “Ұlы Dala Yelі” markazi, “Turkiston Arena” stadioni, O‘quvchilar saroyi, Rixos Turkestan mehmonxonasi, shuningdek, ko‘p funksional “Karvonsaroy” turistik majmuasi va 5000 o‘rinli masjid qurilishi bilan tanishtirdi.

Shuningdek, bosh vazirlar Ahmad Yassaviy maqbarasini, “Azret-Sulton” madaniy-tarixiy muzeyini ziyorat qilib, Abay haykali poyiga gul qo‘ydilar.