Avvalroq, Senat raisi Tanzila Narbayeva boshchiligida Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiya tomonidan matbuot anjumani o‘tkazilganini xabar qilgan edik.

Unda, yuqori palata raisi nikoh qurayotgan yoshlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish masalasi formal bo‘lib qolgani haqida gapirgan edi.

«Nikohlanuvchi shaxslarning tibbiy ko‘rikdan o‘tish masalasi bor. Lekin hammasi formal bo‘lib qoldi. ZAGS yo‘llanma beradi, 5 ta yo‘nalish bo‘yicha dispanserlardan hisobda turibdimi, yo‘qmi ma’lumot oladi. Hisobda turmasa, kasalmas deb yozib beradi. Yoki bo‘lmasa, SPID [OITS — tahr.] degan joyda yo‘q deb yozib beradi. U ro‘yxatda turmagan bo‘lsachi? Kasallik bor bo‘lsachi? Mana shu masala hozir qay darajada dolzarb? 17 yil bo‘libdi qaror qabul qilinganiga. Hozirgi kun talabiga javob berayaptimi, yo‘qmi?», — deya ta’kidlagan edi.

Narbayeva shuningdek, Senatning 20 noyabrdagi yalpi majlisida nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy nikohdan o‘tkazish masalasini parlament so‘rovi tartibida hukumatga kiritmoqchiligini ma’lum qilgandi.

Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi ayni shu masalani muhokama qilgan. Ta’kidlanishicha, qo‘mita va «Mahalla va oila» ilmiy-tadqiqot instituti 2019 yil respublikaning 8 ta hududida 842 nafar respondent ishtirokida so‘rov o‘tkazgan.

Natijada, respondentlarning 88,1 foizi o‘z xohishi bilan tibbiy ko‘rikdan o‘tishini, qolgani tibbiy ko‘rikdan o‘tish istagi yo‘qligini bildirgan. Ishtirokchilarning 80 foizi tibbiy ko‘rikdan qator muammolar bilan o‘tganini, jumladan, 42,5 foizi jarayon juda ko‘p vaqt olishini qayd etgan.

Senatorlar nazorat tizimini takomillashtirish, yoshlarga tibbiy-genetik va reproduktiv salomatlikka oid bepul maslahatlar berish, shifokorlar va FHDYO organlari xodimlarining mas’uliyatini oshirish, ko‘rikdan o‘tkazuvchi muassasalar faoliyatini monitoring qiluvchi yagona tashkilotni belgilash takliflarini bildirishgan.

Ma’lumot o‘rnida, Vazirlar Mahkamasining «Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risdagi nizomni tasdiqlash haqida"gi qarori 2003 yilda qabul qilingan. Unga hozirga qadar bir marotaba, 2007 yilda o‘zgartirish kiritilgan. O‘sha paytda ham asosan, nizomning umumiy qoidalariga qo‘shimcha kiritilgan edi. Jumladan, 50 yoshdan yuqori katta yoshdagilar tibbiy ko‘rikdan o‘z xohishiga ko‘ra o‘tishi, «yashash joyidagi» so‘zi «doimiy yoki vaqtinchalik yashash joyidagi» so‘zlari bilan almashtirish, nikoh tuzilishiga monelik qiladigan holatlarga Oila kodeksining 16-моддасида nazarda tutilgan holatlar ham kirishi qayd etilgan.